Hokim murojaatnomasidan:
Joriy yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 51 trillion so‘mga yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,4 foizga, sanoat mahsulotlari hajmi 9,2 foizga, xizmatlar ko‘rsatish 25,6 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 4,1 foizga hamda qurilish-pudrat ishlari 14,3 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Buning natijasida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari 5,4 million so‘mni, xizmatlar 4,9 million so‘mni va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 9,6 million so‘mni tashkil etadi.
Bu yil 25 million dollarlik mayiz, 11,6 million dollarlik mosh, 9 million dollarlik uzum, 5,5 million dollarlik yeryong‘oq kabi mahsulotlar eksport qilingan bo‘lsa, 700 ming dollarlik 7 turdagi yangi salat bargi, yangi navli gilos, yangi uzilgan selderiy ko‘katlari va bodringning yangi navlari Mongoliya, Iroq, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga eksport qilindi.
Hokim murojaatnomasidan:
Oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida 63 ming 338 nafar talaba tahsil olmoqda.
Bugungi kunda oliy ta’limda asosiy muammo talabalar turar joylari yetishmasligidir. Hozirda 17,1 ming o‘rinli turar joyga ehtiyoj mavjud. Shu maqsadda, kelgusi yilda davlat xususiy sherikchilik asosida ko‘plab talabalar turar joylari quriladi.
Misol uchun, Samarqand shahrining “Birlik” mahallasida (xalq tilida Makaronka), Rudakiy ko‘chasida (sobiq g‘isht zavodi o‘rnida) hamda “Qo‘rg‘oncha” mahallasi Vohid Abdullayev ko‘chasi 1-uy manzilida talabalar turar joylari barpo etiladi.
Ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘layotgan Samarqand shahrining Amir Temur ko‘chasi 2022-yilda tubdan ta’mirlanadi.
Ya’ni, Abu Dabu taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Amir Temur va Gagarin ko‘chalari hamda bu yo‘ldan Motrid va Qorasuv shaharchalariga qatnovni yaratish maqsadida yo‘l qurilish ishlari boshlanadi.
Bunda 2 ta tonnel, 2 ta ko‘prik quriladi, yo‘ldagi suv quvurlari yangidan va to‘liq rekonstruksiya qilinadi.
Shuningdek, viloyatning barcha shahar va tumanlari ichki ko‘chalari, qishloqlardagi yo‘llarda asfaltobeton yotqizish ishlari 2022-yilda kamida 30 foizga oshiriladi.
Hokim murojaatnomasidan:
Samarqandni “Turizm darvozasi”ga aylantirish orqali kelgusi besh yilda turizm xizmatlari hajmi kamida 10 barobarga oshiriladi.
Kelgusi yilda Samarqand xalqaro aeroportiga parvozlar soni 7 barobarga oshib, yo‘lovchilar oqimi 220 mingdan 1,5 million nafarga yetkaziladi.
Turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida 150 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, yotoq o‘rinlar soni 17 mingtaga yetkaziladi.
Kelgusi yildan boshlab Samarqandda Xalqaro gastronomik festivali o‘tkaziladi. Xalqaro kulinariya va servis maktabi tashkil etilib, o‘qitishga Fransiya, Italiya, Yaponiya, Turkiyadan yetakchi restoratorlar jalb etiladi.
Hokim murojaatnomasidan:
Bu yil yalpi hududiy mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 74,7 foizga yetmoqda.
Kelgusi yil tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan 100 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya mablag‘lari ajratiladi.
2022-yilda yangidan 29,5 mingta tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish orqali ular soni 100 mingdan oshiriladi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 900 milliard so‘mdan ortiq kreditlar yo‘naltiriladi.
Viloyat hokimi murojaatnomada aholini uy-joy bilan ta’minlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
"Joriy yilda viloyat bo‘yicha "Qishloqqurilish", "Shaharqurilish" va xususiy qurilish tashkilotlari tomonidan 167 ta 8 ming 557 xonadonli ko‘p qavatli kvartiralar qurilib, foydalanishga topshirildi, - dedi E.Turdimov. - Shuningdek, joriy yilda chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 99 nafar bola uy-joy bilan ta’minlandi.
2022-yilda ham viloyatning shahar va tumanlarida subsidiya asosida 4 ming 500 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi mo‘ljallangan.
Yaqin ikki yil ichida “Renovatsiya” dasturi asosida Samarqand shahrining Temir yo‘l orti hududida 100 mingdan ortiq aholi uchun ko‘p qavatli zamonaviy uylar hamda Shirin massivida 90 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yangi shaharcha barpo etilishi bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Samarqand shahrini yashash uchun qulay va jozibador “millionli yashil shahar”ga aylantirish uchun Samarqand, Past Darg‘om, Oqdaryo va Toyloq tumanlari hududidan 18 ming gektar maydonlar shahar tarkibiga qo‘shilmoqda".
Shuningdek, hokim Samarqand shahridagi davlat idoralari va ma’muriy xizmatlarni tarixiy markazdan yangi hudud - Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chirilishi haqida to‘xtalib, kelgusi yildan ayrim tashkilotlar ko‘chirilib boshlanishini ma’lum qildi.
Shuningdek, sessiya so’ngida viloyat deputatlari Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning murojaatnomasiga o’zlarining munosabatlarini, taklif hamda mulohazalarini bildirib o’tishdi.
SamDCHTI Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain















