Samarqand davlat chet tillar institutida “Inkubatsiya va Akseleratsiya” markazi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5047-son va 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoati va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5088-son Qarorlari hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni mazmunidan kelib chiqib, Yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari, startap loyihalari va amaliy tadqiqotlari natijalarini ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Samarqand davlat chet tillar institutida “Inkubatsiya va Akseleratsiya” markazi tashkil etildi.

Mazkur markzning bugun, 26-aprel kuni ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Markaz talabalarning o‘z innovatsion loyihalari, tashabbuslari va g‘oyalarini amalga oshirilishida ko‘maklashish va qulay shart-sharoitlar yaratish, “startaplar” tashkil etish maqsadida inkubator vazifalarini amalga oshirishga hamda barqaror rivojlantirishga ko‘mak beradi.

Institut talabalari viloyat va respublika miqiyosida tashkil etilayotgan startap loyihalarda munosib ishtirok etishib kelishmoqda. Jumladan, Innovatsion Rivojlanish Vazirligida «Startap tashabbuslari» yoshlarning innovatsion g‘oya va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturining 5-davriy yakuniy bosqichida talabalarimizning "One Room", “Orientir.uz” loyihalari 40 ta eng yaxshi loyihalar qatoriga kiritilib, istiqbolli startap loyihalar taqdimotida ishtirok etdi hamda 50 million so‘mdan jami 100 million so‘m miqdoridagi grant mablag‘lari bilan taqdirlandi.

Institut yosh professor-o‘qituvchilari tomonidan 2021-yil tashkil etilgan “Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumi”da “audioertaklar” loyihasi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, Innovatsion Rivojlanish Vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi, Maktabgacha ta’lim boshqarmasi bilan to‘rt tomonlama shartnoma imzolandi hamda viloyat hokimligi tomonidan 56 million so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi.

Startap loyihalarni doimiy qo‘llab-quvatlash va moliyalashtirish maqsadida institutda “Startap loyihalar tanlovlari” tashkil etilib kelinmoqda. Joriy yilda tashkil etilgan tanlov natijalariga ko‘ra 1-o‘rinni olgan “Precious Hands” loyihasi institut tomonidan to‘liq moliyalashtirilib, alohida xona ajratildi. Qolaversa, “Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining viloyat bosqichida 2 nafar institut talabasi o‘z loyihalari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etishdi hamda respublika bosqichiga yo‘llanmani qo’lga kiritishdi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev tomonidan tashkil etilgan “Imkoniyat” loyihasida 1 nafar talabamiz o‘zining “Uch tilli” loyihasi bilan ishtirok etdi va 10 oylik o‘quv grantiga erishdi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-04-26 20:34:24 207