Qirg’izistonning qator oliygohlari bilan hamkorlik Memorandumlari imzolandi

Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Qirg’iziston Respublikasi oliygohlari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.

Kuni kecha, 17-may kuni Samarqand davlat chet tillar institutida “Xorijiy tillarni o’rgatishda zamonaviy o’qitish metodikasi: muammolar va yechimlar” mavzusida o’tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Qirg’iziston Respublikasining Xalqaro innovatsion texnologiyalar universiteti tasarrufidagi institutlar rahbarlari ham bevosita ishtirok etishdi.

Jumladan, anjuman so’ngida Samarqand davlat chet tillar instituti, Xalqaro innovatsion texnologiyalar universiteti tasarrufidagi Madaniyatlararo muloqot va psixologiya instituti hamda Rossiya-Qirg‘iziston biznes boshqaruvini avtomatlashtirish instituti rahbarlari o’rtasida rasmiy uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida tomonlar o’rtasida xalqaro hamkorlik aloqalarini o’rnatish, professor-o’qituvchilar va talabalar almashinuvini yo’lga qo’yish, hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish, darsliklar va o’quv adabiyotlarini yaratish, tahsil olayotgan talabalar uchun yozgi o’quv kurslarini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashinildi. Jumladan, kelgusida tomonlar o’rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.

SamDCHTI Axborot xizmati

 

 

Share:
2022-05-18 21:41:32 255