Janubiy Koreyaning Dongguk Universiteti professori Samarqand davlat chet tillar instituti talabalariga ochiq dars mashg’ulotlarini o’tkazish uchun taklif etildi

Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Janubiy Koreya oliygohlari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.

Shu munosabatda Samarqand davlat chet tillar instituti Sharq tillari fakultetiga Janubiy Koreyaning Dongguk Universiteti professori Tun Hyang Hee 30-maydan 3-iyun kuniga qadar “Filologiya va tillarni o’qitish: koreys tili” ta’lim yo’nalishida tahsil oluvchi talabalarga ochiq ma’ruza mashg’ulotlarini o’tkazish uchun taklif etilgan edi.

Professor Tun Hyang Hee Samarqand davlat chet tillar institutidagi qisqa muddatli faoliyati davomida talabalar bilan birgalikda "Zamonaviy koreys tili: TOPIC mezonlarini oʻrgatish" nomli integratsiyalashgan ochiq maʼruza mashgʻulotlarini oʻtkazdi. Dars jarayonlarida professor talabalarning koreys tilidagi barcha til koʻnikmalarini rivojlantirish, ogʻzaki nutqdagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha oʻz taklif hamda mulohazalarini batafsil bildirdi. Shuningdek, professor Tun Hyang Hee faoliyatini samarali yakunlaganligi sababli fakultet rahbariyati vakillari o'zlarining minnatdorchiliklarini bildirishdi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-06-06 20:01:10 235