Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Yaponiya oliygohlari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.
Shu munosabatda Samarqand davlat chet tillari instituti Sharq tillari fakulteti 2-bosqich talabasi Javohir Shahobov Yaponiyaning O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan grant sohibi bo'ldi. Endilikda Javohir Shahobov 2022 yilning 20-sentabridan 2023-yilning 30-avgustiga qadar Yaponiyaning Tsukuba Universitetida tahsil oladi. Bugun, 8-avgust kuni institut rektori Ilhomjon To'xtasinov Javohir Shahobovni grant yutganligi munosabati bilan tabriklab, kelgusida bundan ham yuksak mukofotlarga erishishida omad tiladi.
Ma’lumot uchun, Javohir Shahobov Qozog‘iston Respublikasida 21-may kuni bo‘lib o‘tgan 25-Markaziy Osiyo “Yapon tili notiqlik san’ati” tanlovida ishtirok etib, yurtimiz sharafini himoya qilgan va Markaziy Osiyoning mutlaq g'olibi bo'lgan. Shu sababli institut rektori Ilhomjon To’xtasinov tomonidan diplom va 5 178 800 so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlangan.





SamDCHTI Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
