O‘zbekiston-Rossiya uchinchi ta’lim forumiga start berildi

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. Birgina 2021-yilda mamlakatimizda Rossiyaning 4 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi filiali ochilgani bu sohadagi samarali hamkorlikning yorqin namunasidir.

Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro akademik almashinuv yo‘lga qo‘yilib, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishi, talabalarning turli grant loyihalarda qatnashishi muntazamlik kasb etmoqda. 

Ikki davlat oliy ta’lim tizimidagi yangi rejalar, istiqboldagi chora-tadbirlarni belgilashda 26-27 oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston-Rossiya uchinchi ta’lim forumi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Forumda ikki tomonidan 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etdi.

Ushbu forum doirasida ikki mamlakat ta’lim tashkilotlari, yetakchi kompaniyalari o‘rtasida fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, muhandislik-texnologiyasi, energetika, kimyo sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatdagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkaziladi.

Ayni damda ta'lim Forumga start berildi. Oliy ta'lim muassasalari, jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi ham jarayonning yuqori saviyada o'tkazilishi borasida faol ishtirok etishmoqda. Institutning malakali professor-o'qituvchilari hamda talabalaridan iborat jamoa tarjimon-volontyorlar ham faoliyat olib borishmoqda.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-10-26 11:41:59 161