O‘zbek mumtoz adabiyotining XV asrgacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyotiga yakun yasab, uni yanada yuqori pog‘onaga ko‘targan ulug‘ iste'dod sohibi, mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy o‘z ijodiy faoliyati bilan jahon adabiyotining yirik namoyandalari safidan faxrli o‘rin egallaydi. Alisher Navoiy dastlab adabiyotga shoir sifatida kirib keldi va adabiyotda she'riyat qasrini qurdi, g‘azal mulkining sultoniga aylandi, keyinchalik qator dostonlar yaratdi, adabiyotshunos, tilshunos, davlat va jamoat arbobi sifatida dunyoga tanildi.
Alisher Navoiy o‘z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli ko‘rish ruhi bilan qalam tebratdi. U mehnatkash, pok, halol, yaxshi odamlar qalbidagi zakovat va saxovat, samimiyat, fidoyilik, xalqlarni, mamlakatlarni do‘stlikka, ezgulikka chaqirish, insonparvarlik, vatanparvarlik kabi tuyg‘ularni ulug‘ladi.
Mazkur yilda Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 583 yili keng nishonlanmoqda. Butun xalqimiz, Navoiyshunoslar va adabiyot ahli ushbu kunni keng miqyosda nishonlaydilar, chunki u yaratgan durdona va shoh asarlari umumbashariyligi va hamma davrlar uchun hozirjavobligi bilan barchani maftun etib kelgan. Shuningdek, jahon va qardosh xalqlar tillariga tarjima qilinib kelinmoqda.
Alisher Navoiy qoldirgan ma'naviy meros – uning nodir asarlari mangulikka daxldor. Navoiy jahondagi eng sermahsul ijodkorlar sirasiga kiradi. Uning 100 000 baytdan ortiq lirik va epik asarlari jahon adabiyotiga bebaho xazina bo‘lib qo‘shilgan. Navoiy qoldirgan ilmiy-adabiy meros hayratlanarli darajada ulkandir. Shoirning barcha yaratgan asarlari xalqimizning ma’naviy-madaniy mulkidir.
Aziz talaba-yoshlar! Hazrat Alisher Navoiyning bizga qoldirgan ma'naviy merosini oʻrganish orqali ilm olishdan toʻxtamasligimiz lozim. Alisher Navoiy bobomiz ilm, maʼrifat haqida ajoyib fikrlarni olgʻa surgan. Aql, ilm insonning eng goʻzal fazilatlaridan biridir. Ilm-fanni egallash uchun yoshlikdan boshlab astoydil oʻqish-oʻrganish kerak: “Yoshligingda yigʻgil bilimni, qarigach sarf qilgʻil ani”, deya bejizga ta’kidlamagan Hazrat Navoiy bobomiz!
Hurmatli vatandoshlar, barchangizni Alisher Navoiy bobomiz tavalludining 583 yillik munosabati bilan samimiy qutlayman. Uning xotirasini yod etib, cheksiz hurmatimizni izhor qilamiz va ta’zim aylaymiz!
Fazliddin RO‘ZIQULOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori v.v.b.
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
