Qo’shrabotda Samarqand davlat chet tillar institut tomonidan ikkita o’quv markazi ochildi

Ijtimoiy davlat qurish yo’lida odimlayotgan mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida aholi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish orqali faravonlikka erishish, odamlar turmush sharoitini yaxshilash borasida keng miqyosda islohotlar olib borilmoqda. Shu asosda ishlab chiqilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” umummilliy dasturi doirasida boshqa joylarda bo’lgani kabi Samarqand viloyatining chekka Qo‘shrabot tumanida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tumanda kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida fuqarolarga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, ishsiz fuqarolarni kasbga qayta tayyorlash va jamoat ishlariga jalb qilish, mahallalarni obod qilish, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiyta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari faoliyat samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish, yo‘l, ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan bog’liq infratuzilmani yaxshilash ishlari qizg’in ketmoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi ham ushbu ezgu ishdan chetda qolgani yo‘q. Institut tomonidan Qo‘shrabot tumanida yashayotgan kam ta’minlangan oila farzandlari, xorijiy davlatlarga ishlash maqsadida ketayotgan fuqarolar uchun tumanning ikki hududida xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazlari tashkil etdi. Mazkur o‘quv markazlari o‘quvchilariga Samarqand davlat chet tillar institutining malakali professor-o’qituvchilari tomonidan ingliz, nemis va koreys tillari o‘qitiladi.

O‘quv markazlar uchun tuman markazida joylashgan 82-umumta’lim maktabi binosidan 5 ta xona, Jo‘shota hududidagi 1-son kasb-hunar maktabi binosidan 5 ta xona ajratildi. Mazkur xonalarda dastlab institut mablag‘lari hisobidan ta’mirlash ishlari olib borildi. O‘quv markazlari Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan jihozlar, o‘quv adabiyotlar, ko‘rgazmali vositalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlandi.

Mazkur markazlarda mashg‘ulot olib boruvchi 2 nafardan ingliz, nemis va koreys tili mutaxassislari — jami 6 nafar malakali pedagog-o‘qituvchilar biriktirildi. Ushbu o‘qituvchilarga institut tomonidan qonunda belgilangan tartibda ish haqi to‘lab boriladi. Ularga yetarli shart-sharoitlar yaratib berildi.

Bugun Samarqand davlat chet tillar institutining Qo‘shrabot tumanidagi o‘quv markazlari o‘z faoliyatini boshladi. Ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev, Qo‘shrabot tumani hokimi D.Shakarboyev, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqov, tumanning sektor rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirlarda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitishga, mutaxassislar tayyorlashga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritishdi. Bugungi kunda ko‘plab yoshlar muayyan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olish bilan birga chet tillini ham puxta o‘rganayotgani, buning natijasida dunyo kezayotganini, qator yutuqlarni qo’lga kiritayotganini aytishdi. Tadbirda ishtirok etayotgan yoshlarni bunday imkoniyatdan oqilona foydalanishga chorlashdi.

Endilikda, tumandagi yangi tashkil etilgan o‘quv markazlari yoshlarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari va nufuzli oliygohlar talabalari safidan joy olishlariga imkoniyat yaratib, kelajak egalarining komil insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ayni paytda tumanda yashayotgan kam ta’minlangan oila farzandlari, xorijga ishlashga ketuvchi fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, ular uchun mashg’ulotlar boshlandi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2024-10-07 18:33:42 148