Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan institutda Madaniyatlar festivali o’tkazildi

Tadbirga viloyat hokimligi mas’ullari, Samarqand shahri jamoatchiligi, institutda faoliyat olib borib, ayni vaqtda keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari, ziyolilar, hamkor tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Ayni paytda oliygohda talabalarga dunyoning 10 dan ortiq tillari o’rgatilib kelinmoqda. Talabalar mashg’ulotlar jarayonida tili o’rgatilayotgan xalqlarning tarixi, madaniyati bilan ham tanishib borishadi. Mazkur festivalda institut professor-o’qituvchilari va talabalari tomonidan ana shu xalqlarning urf-odat va an’analari, milliy kiyimlari, ashula va raqslari namoyish etildi. 

Yapon, xitoy, koreys, arab, turk, rus, ingliz, nemis, fransuz, ispan va italyan milliy taomlari, ichimlik va shirinliklari tayyorlanib, institut jamoasi va tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga tortiq qilindi.

Tadbir Buyuk Ipak yo’li chorrahasida joylashgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqandning dunyo tamadduni va turfa madaniyatlar rivojiga qo’shgan hissasi nechog’lik ulkan ekanini, bugun ham azaliy an’analar bu zaminda davom etayotganini ko’rsatib berdi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2024-11-21 15:49:37 61