Samarqand davlat chet tillar institutida xalqaro fransuz tili o‘qituvchilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan respublika ilmiy-amaliy anjumani shunday nomlandi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, 2018-yil Fransiya prezidenti Emmanuel Makron “Xalqaro fransuz tili o‘qituvchilari kuni”ni tashkil etish to‘gְ‘risida tashabbus bilan chiqqandi. Fransuz tili o‘qituvchilarini rag‘batlantirishda, fransuz tilini ommalashtirish va targ‘ib qilishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, o‘shandan buyon 28-noyabr kuni keng nishonlanib kelinadi.
Anjumanni kirish so‘zi bilan Samarqand davlat chet tillar instituti prorektori A.Kuraxmedov ochib berdi va institut rektori B.Xoliqovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
– Mamlakatimizda fransuz tilini o‘rgatish va tajribali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar, tashkil etilgan ijod maktablari va yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash borasida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda – deyiladi tabrikda.
Istiqlol yillarida Fransiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ko‘plab sohalarda mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Ayniqsa, turizm, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi o‘zaro hamkorlikning rivojlanib borayotganini e’tirof etish joiz.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 600 ga yaqin umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 3 ming nafarga yaqin fransuz tili o‘qituvchilari 220 ming nafardan ziyod o‘quvchiga fransuz tilidan saboq berib kelishmoqda. Shuningdek, fransuz tili 100 dan ortiq maktablarda ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitib kelinyapti.
Joriy yilda Fransiya hukumati bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik o‘qituvchilar uchun Fransiyaning Nissa shahrida malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli tashkil etilgani va ushbu yo‘nalishda Fransiyaning boshqa yetakchi ta’lim muassasalari bilan ham yaqindan hamkorlik qilish talabi ortayotgani juda quvonarli holdir.
– Institumizning va Fransiyaning bir nechta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ham hamkorlik shartnomalari imzolangan. Xususan, Puatye va Monpelye universitetlari bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlari va yozgi maktablar tashkil etilgan. Albatta, bundan keyin ham fransuz tilini yurtimizda rivojlantirish yo‘lida barcha ustozlar o‘z kuch-g‘ayratlarini ayamasligiga ishonaman – deya yakunlandi tabrik.
Anjumanda Samarqand davlat universiteti professori I.Mirzayev taniqli olim V.G.Gakning ilmiy merosini O‘zbekistonda o‘rganilishi, fransuz tilidan o‘zbek tiliga o‘girilgan badiiy asarlarning ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Institutda samarali faoliyat olib borayotgan bir guruh fransuz tili fani o‘qituvchilari va mehnat faxriylari institut ma’muriyati tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Institut talabalari tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan tomoshalar, maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining chiqishlari, fransuz tilidagi she’r, kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.






SamDCHTI Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
