O'zbekiston Respublikasi O'liy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining buyrug'i

OLIY TAʹLIM MUASSASALARINI O‘QUV ADABIYoTLARI BILAN TAʹMINLASh TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 5 iyundagi PQ-3775-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish, oliy ta’lim muassasalarini ilg‘or jahon tajribalari asosida yaratiladigan yangi avlod darslik, o‘quv qo‘llanmalari hamda davriy nashrlar bilan tizimli ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq;
xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom 2-ilovaga muvofiq;
oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibi to‘g‘risida nizom 3-ilovaga muvofiq;
oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun o‘quv adabiyotlarini yaratishga qo‘yilgan talablar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
oliy ta’lim tizimini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash mavjud bo‘lgan zarur o‘quv adabiyotlarini xarid qilish, yangilarini yaratish va belgilangan tartibda nashr qilish (foydalanilayotgan adabiyotlarni qayta nashr qilish) hamda oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlariga joylashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi;
o‘quv adabiyotlarini xarid qilish hamda yaratish va nashr qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish aniq hisob-kitoblarga asosan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu maqsadlar uchun nazarda tutiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi;
o‘quv adabiyotlarini xarid qilish, yaratish va nashr qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari hamda homiylar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga:
ushbu qarorga muvofiq tegishli buyruq va boshqa ichki hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash;
oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlarini markazlashgan holda nashr qilish jarayonining belgilangan tartibda amalga oshirilishini tizimli ta’minlash vazifasi yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga:
oliy ta’lim muassasalari o‘z ixtisosligiga muvofiq etakchi xorijiy va mahalliy davriy nashrlarni (jurnallarni) xarid qilishi va ularga obuna bo‘lishi jarayonini tizimli muvofiqlashtirish;
oliy ta’lim muassasalari ushbu qarorga to‘liq amal qilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish va bu borada talabchanlikni oshirish vazifasi yuklansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.

Batafsil o'qish

Share:
2018-10-11 15:25:00 1402