MAQSAD – TA’LIM SIFATI VA SAMARADORLIGINI OSHIRISH

Samarqand davlat chet tillar institutining navbatdagi Kengash yig‘ilishida ana shu masala yuzasidan keng fikr yuritildi.

Tadbirni institut rektori B.Xoliqov olib bordi va kun tartibidagi birinchi masala – Davlat dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi buyruqlari, farmoyishlari hamda institut Kengashi qarorlarining bajarilishi, shu asosida institut mehnat jamoasi oldidagi vazifalari to‘g‘risida axborot berdi.  

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor U.Jumanazarov institutga biriktirilgan umumta’lim maktablari bilan hamkorlik aloqalari hamda institut akademik litseyi va texnikumi faoliyati to‘g‘risida ma’ruza qildi. Bu borada tilga olingan kamchiliklar jiddiy tanqid qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tavsiyalar berildi. Shundan so‘ng maruzachi institutda tahsil olayotgan xorijlik talabalarga o‘zbek va rus tili fanlari o‘tilishini tashkil etish, “Hemis” platformasida professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tilgan dars soatlarini belgilashda mas’uliyatini oshirish hamda darslarini uzrli sabablarsiz belgilamagan professor-o‘qituvchilarga tegishli tartibda intizomiy choralarni tayinlash, “Talabalarning 2023-2024 o‘quv yili bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish natijalari yo‘l xaritasi” to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Institut tizimidagi beg‘araz yordam, texnik hamkorlik va grant mablag‘larini jalb qilish, ushbu toifadagi loyihalarni nazorat qilish va monitoringini olib borish, magistrlik dissertatsiyalari mavzulari va maslahatchilarini tasdiqlash hamda institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish haqida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha institut prorektori O.G‘aybullayev axboroti tinglandi. Mazkur masalalar yuzasidan Kengash a’zolari o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Kengash yig‘ilishi kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masala – institutda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning ahvoli muhokama etildi. Har bir fuqaroning murojaati o‘z vaqtida o‘rganilib, ijobiy hal etilish va murojaat qiluvchilarga yetkazilishi talabi bajaralishi lozimligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etish va nazoratini olib borish ishlari yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar  bo‘yicha institut birinchi prorektori A.Kuraxmedovga biriktirildi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan institut o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i A.Nurmuratov o‘z ma’ruzasida talabalar bilimini nazorat qilishda nazorat turlarining tashkil etilishi hamda fan dasturlari va sillabuslarda belgilangan yozma va og‘zaki yakuniy nazorat shaklini test shakliga o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani o‘rtaga tashladi.

Kengash yig‘ilishi qizg‘in savol-javob va munozaralarga boy bo‘ldi. Kun tartibida belgilangan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

SamDCHTI Axbotot xizmati

Share:
2024-12-05 09:58:05 102