INSTITUT REKTORI NARPAY XORIJIY TILLAR FAKULTETIDA BO’LDI

Samarqand davlat chet tillar instituti Narpay Xorijiy tillar fakultetida 8-dekabr – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.

Fakultet professor-o’qituvchilari va talabalar ishtirok etgan bayram tadbiri O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi.

Institut rektori B.Xoliqov baxtimiz Qomusi bo’lgan Konstitutsiyamizning mamlakat ravnaqi, jamiyat rivoji, xalq farovonligi hamda kelajak avlod istiqboli yo’lidagi ahamiyati haqida gapirdi. Uni o’rganishimiz, bilishimiz lozimligi, hayotimizning har daqiqasida biz unga murojaat qilishimiz kerakligi alohida ta’kidlandi.

So’zga chiqqanlar Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgarishlarning huquqiy-demokratik va ijtimoiy davlat barpo etishimizdagi o’rni, undagi moddalarning mohiyati, xalqimiz hayotini yaxshilash bilan bog’liq jihatlari haqida ma’lumot berishdi.

Bilim maskanida shu kuni “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri ham tashkil etildi. Narpay tumani hokimligi vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, pedagog-o’qituvchilar, maktab o’quvchilari va talabalar ishtirok etgan tadbirda SamDCHTI rektori B.Xoliqov va boshqa so’zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor va g’amxo’rliklar, ular uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirishdi. Eng muhimi, yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda ko’plab sohalarda ulkan yutuqlarni qo’lga kiritishayotgani ta’kidlandi. Katta hayotiy tajribaga ega bo’lgan nuroniy otaxon va onaxonlarning ibratga loyiq hayoti va faoliyati bugungi yosh avlod uchun maktab vazifasini o’tashi aytib o’tildi.

Shundan so’ng institut rektori ishtirokida fakultet mehnat jamoasi va talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Dastlab rektor ma’naviy-ma’rifiy va o’quv-tarbiya jarayonida qilinishi lozim bo’lgan ishlar, ta’lim sifatini oshirish hamda professor-o’qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, o’qituvchilarning xalqaro aloqalar bilan bog’liq imkoniyatlardan foydalangan holda dunyoning nufuzli oliy o’quv yurtlarida tajriba almashishi, stajirovka o’tashi, xorij oliygohlaridan malakali mutaxassislarni hamkorlikka chorlash va KPI tizimi asosida faoliyatlarini samarali tashkil etish masalalari bo’yicha gapirdi. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish bo’yicha ko’rsatmalar berdi.

Muloqot davomida B.Xoliqov talaba va o’qituvchilarning murojaatlarini ham tingladi. Muammolarni joyida bartaraf etish bo’yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi. Yoshlarning orzu-intilishlarini qo’llab-quvvatlagan holda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishlari lozimligini alohida ta’kidladi.

Rektor fakultetning xo’jalik faoliyati, qishki mavsumga hozirlik jarayoni, jamg’arilgan ko’mirning saqlanishi, binolar va moddiy texnik bazaning holatini o’rgandi. Fakultet hududida obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida ekilgan daraxt ko’chatlarini parvarish qilish, erta ko’klamda yana ko’chat o’tqazish masalalari bo’yicha tavsiyalar berdi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2024-12-07 15:38:32 70