
Assalomu alaykum, qadrli ustozlar, hurmatli hamkasblar, aziz talabalar!
Konstitutsiyamiz mustaqil O‘zbekistonning mustahkam huquqiy poydevori, xalqimizning erkin va farovon hayotini ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan bebaho hujjat hisoblanadi. Konstitutsiya – har birimizning huquq va erkinliklarimiz kafolati bo’lish bilan birga davlatimiz siyosatining asosiy tamoyillari – qonun ustuvorligini, inson qadrini, huquqi va erkinliklarini, ijtimoiy adolat hamda demokratik qadriyatlarni ta’minlash yo‘lida mustahkam mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi bosh Qomusimizda moddalar soni 128 tadan 155 taga, qat’iy belgilangan normalar soni 275 tadan 434 taga oshirilib, Yangi O’zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan ijtimoiy jamiyat barpo etish asosiy tamoyil qilib olindi. Barcha sohalarga oid asosiy normalar takomillashtirildi. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot davlat tomonidan kafolatlanishi belgilandi.
Ta’kidlash joizki, ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, jamiyat va davlat uchun eng muhim kasb egalari – o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lishdi. Ta’lim-tarbiyaga qaratib kelinayotgan e’tibor mamlakat taraqqiyotining eng asosiy garovi sifatida ushbu hujjatdan mustahkam o’rin olishi, soha yuksalishi uchun xizmat qila boshladi. Ta’lim oluvchilarga chuqur nazariy bilim, malaka va amaliy ko‘nikmalar berish, shuningdek, ularning kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarini shakllantirish asosiy vazifalardan biri qilib belgilandi.
Bu kabi o‘zgarishlar ta’lim sohasi va ilm-fanga oid normalarda ham o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyamizning 51-moddasida fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi ta’kidlanadi. Oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Qadrli professor-o’qituvchilar!
Siz mamlakatimiz Konstitutsiyasida belgilangan demokratik qadriyatlarni targ‘ib etishda va yosh avlodni yuksak huquqiy ong, chuqur bilim va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishiga qo’shayotgan munosib hissangiz e’tirofga sazovor.
Siz, azizlarning fidokorona mehnatingiz bilan mamlakatimiz rivoji va uning porloq kelajagini yaratishda davom etayotganimiz qalbimizni iftixorga to’ldiradi. Konstitutsiyamizda mujassam bo‘lgan g‘oya va maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, yanada yuksak marralarga erishishimizga ishonaman.
Ushbu muborak ayyom munosabati bilan barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga totuvlik, xonadoningizga farovonlik, ishlaringizda muvaffaqiyat tilayman.
Hurmat bilan Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
