Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqovning 10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan institut jamoasiga tabrigi

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, qadrli hamkasblar, aziz talabalar!

Siz azizlarni 10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan qutlayotganimdan behad baxtiyorman.

Xalqimiz orzusi ushalib, istiqlolga erishgan ilk yillarda Vatanni, davlatni, qadim tarixni, xalqning qahramonliklarini ulug‘lovchi go‘zal va betakror madhiyamiz yaratilib, davlatning muqaddas ramzlaridan biriga aylandi. O‘shandan buyon u rasmiy tadbirlarda, bayram tantanalarida, xorijiy davlatlar delegatsiyalari, mehmonlarni kutib olish va kuzatish marosimlarida tantanavor yangrab, qalbimizni iftixorga to‘ldiradi.

Madhiyamizni barchamiz o‘rnimizdan turib, bosh kiyimlarini yechgan holda qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘ygancha tinglaymiz, jo‘r bo‘lib ijro etamiz.

U xalqini, ona Vatanini sevgan kishida milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr, eng muhimi yurtiga mehr uyg‘otadi. Har tong radio va televideniya orqali yangragan bu sehrli qo‘shiqda xalqimizning sharaflarga boy o‘tmishi, bunyodkorlikka burkangan buguni va orzu-umidli kelajagi, shuningdek, buyuk maqsadlari, bebaho milliy anʼana va qadriyatlari, tinchlik va millatlararo totuvlik kabi umuminsoniy qadriyatlari mujassam etilgani bilan ahamiyatlidir.

Davlat madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga hurmatni shakllantirishda, ularning har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib yetishida muhim tarbiyaviy vosita hisoblanadi.

Mamlakatimiz qonunlarida madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi qilib belgilangan bo‘lib, unga har bir yurtdoshimizning yuksak ehtirom bilan qarashi uning vatanparvarlik burchi ekanligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi abadul-abad olam uzra yangrab, millionlab qalblarni ezguliklarga chorlashda davom etaversin! 

Barchangizni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor muborakbod etaman.

Yaratgandan o‘zingizga sihat-salomatlik, oilangizga totuvlik, ish va o‘qishingizda zafarlar tilayman!

Hurmat bilan Bahodir Xoliqov,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Share:
2024-12-09 13:23:08 158