Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan yangi yildagi dastlabki ishlab chiqarish yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Tadbirni institut rektori B.Xoliqov olib bordi.

Institut prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari va markaz rahbarlari qatnashgan yig‘ilishda mas’ullar o‘tgan yig‘ilishlarda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan hisobot berishdi.

Ijro intizomiga rioya qilish masalasida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish borasida mas’ullar faolligi va ularning ish samaradorligini oshirish lozimligi ta’kidlandi. Ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.

Ta’tildan qaytayotgan talabalarni turar joylari va ijara uylaridagi sharoitlarni o‘rganish, turar joy va bilim maskanida issiqlikni ta’minlash, talabalar uchun yetarli sharoitlarni yaratish, fakultet, bo‘lim va guruhlarda yakuniy nazorat jarayonida korrupsiyaviy holatlar vujudga kelishining oldini olish maqsadida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha institut rektori o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deya nomlanishidan kelib chiqib, barcha bo‘limlar, kafedra va fakultetlar o‘z “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishlari lozimligi, tabiatni asrash, yurtimiz uzra yashillikni ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish lozimligi aytildi.

Institut professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini oshirish, dunyoning kuchli mingtalikka kirgan oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni kengaytirish, grantlar bilan ishlash, institutning xalqaro reytinglardagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2025-01-07 08:43:21 124