
Assalomu alaykum qadrli ustozlar, hurmatli hamkasblar, aziz talabalar!
Ayni shu kunda mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini saqlash hamda yer yuzida O‘zbekiston Respublikasining boqiy bo‘lishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixda muhrlangani bilan juda ahamiyatlidir.
Istiqlolimiz uchun kurashgan, shu muqaddas yo‘lda o‘z jonini fido qilgan qahramonlarimizni yod etish, bugun hayot bo‘lganlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir. Bizning qalbimiz ularning jasorati va fidoyiligi tufayli iftixorga to‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman.
O‘z hayotini tinchlik va osoyishtalik yo‘liga tikkan Vatan himoyachilari bor ekan biz ularning xizmatlarini hamisha e’tirof etamiz, qadrlaymiz, boshimizga ko‘taramiz. Chunki mamlakat sarhadlaridagi o‘z postlarida sergak holda tunni tongga, tongni tunga ulab muqaddas burchlarini bajarayotgan harbiylarimizning xizmatlari natijasida biz bugun tinch va osuda hayot kechirmoqdamiz.
Hurmatli institutimiz jamoasi!
Vatan himoyachilari kuni – bu nafaqat harbiy xizmatda bo'lganlarning bayrami, balki o‘z hayotini xalqimiz baxt-u iqboli va Vatanimiz ravnaqi yo‘liga bag‘ishlagan barcha insonlarga ehtirom ko‘rsatadigan muhim kun sifatida hayotimizdan, qalbimizdan joy egallagan. Ularning mardligi va jasorati biz uchun, farzandlarimiz uchun har doim namuna bo‘lib qoladi.
Ayyom munosabati bilan institutimizdagi hamma sobiq va hozir muqaddas burchini bajarayotgan harbiy xizmatchilarni chin dildan tabriklayman! Sizlarning Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz, fidoyi xizmatlaringiz tufayli mamlakatimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz tinch va osuda hayot kechirmoqda.
Institutimiz jamoasi ham mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish, yosh avlodni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida e’tirofga sazovor faoliyat olib bormoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir talaba va professor-o‘qituvchimizning maqsadi bilim bilan qurollanishdir. Barcha zamonlarda bilim eng kuchli qurol hisoblangan. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, yoshlarimiz o‘z bilimlari yurtimiz kelajagini, mamlakatimiz istiqbolini belgilashini juda yaxshi bilishadi. Chuqur bilim, keng tafakkur va yuksak salohiyatga ega bo‘lgan, ajdodlari ma’naviyatini bus-butun saqlagan holda yurt istiqboli uchun birikkan xalqni hech qanday dushman yengolmaydi.
Talaba yigit-qizlarimiz kelajak hayotlari va faoliyatlari davomida ota, ona va ustoz sifatida minglab Vatan himoyachilarini dunyoga keltirishadi, tarbiyalab, kamolga yetkazishadi. Ana shu uyg‘oq avlod mamlakatimiz kelajagini belgilaydi. Buni ko‘z oldimizga keltirsak, qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi.
Muhtaram ustozlar, qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
Yana bir bor Vatan himoyachilari kuni bilan barchangizni tabriklayman! Sizlarni mudom yurtimiz ravnaqi, tinchligi va osoyishtaligi uchun kurashayotganlar safida ko‘rish nasib etsin.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, o‘qish va ilmiy-pedagogik faoliyatingizga, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi yo‘lidagi ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.XOLIQOV
2025-yil 14-yanvar
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
