Tyutorlar faoliyati muhokama qilindi

Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilish tyutorlar faoliyatidagi xato va kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ish samaradorligini oshirishga qaratildi.

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari, dekan o‘rinbosarlari va tyutorlar ishtirok etgan tadbirni institut rektori B. Xoliqov olib bordi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ishga mas’uliyat bilan yondashmaydigan, vazifasini sidqidildan bajarmaydigan ayrim tyutorlarning xato va kamchiliklari tanqid qilindi. Ularning aybi bilan institutning birinchi bosqich talabalari muassasada tashkil etilayotgan aksariyat ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalaridan bexabar qolishayotgani, iqtidorli talabalarni rektor stipendiyasiga nomzod sifatida ko‘rsatishda, talabalarning ilmiy-ijodiy iqtidorlarini namoyon etishda, respublika miqyosidagi tanlov va musobaqalarda qatnashishlarini ta’minlashda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aytib o‘tildi.

Institut rektori tyutorlar faoliyati samaradorligini oshirish talabalar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhit shakllanishiga, bilim-samaradorlik va salohiyat yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Endilikda tyutorlar faoliyati belgilangan tartibda KPI tizimi asosida baholab boriladi. Yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan tyutorlar rag‘batlantiriladi, oylik maoshlariga ustamalar qo‘shiladi. Sustkashlikka yo‘l qo‘yganlarga esa faoliyatlarini izga solishlari uchun imkoniyat beriladi. Shundan keyin ham ular ishida ijobiy natija bo‘lmasa, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Tyutorlar faoliyatini nazorat qilish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy va uslubiy jihatdan ko‘maklashish, ularga zaruriy ko‘rsatma va tavsiyalar berib borish, tyutorlar tomonidan tashkil etiladigan “Ma'naviyat soati”da yuqori natijalarga erishish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2025-01-30 18:45:56 140