Amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, istiqbolli rejalar belgilab olindi

Samarqand davlat chet tillar instituti Kengashining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisga institut rektori B.Xoliqov raislik qildi.

Kengash kun tartibidagi birinchi masala – Davlat dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi buyruqlari, farmoyishlari hamda institut Kengashi qarorlarining bajarilishi yuzasidan institut rektori B.Xoliqov axborot berdi. Institut mehnat jamoasi tomonidan belgilangan tartibda ushbu qaror, farmoyish hamda boshqa me’yoriy hujjatlarda belgilangan topshiriqlar ijrosi ta’minlanib kelinayotgani ta’kidlandi.

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.Kuraxmedovning O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan murojaatlar bilan ishlashning ahvoli hamda institutda tyutorlar faoliyati to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi. Murojaatlar institut mas’ullari tomonidan o‘z vaqtida o‘rganilib, masalalarga yechim topilayotgani aytib o‘tildi. Shuningdek, talabalar ma’naviy olamini boyitishda, ularning iqtidorlarini kashf etish, ilmiy salohiyatlarini oshirishda tyutorlarga suyanib qolmasdan “Ustoz - shogird” an’anasiga muvofiq kafedralardagi professor-o‘qituvchilar kuchiga tayanish yaxshi natija berishi to‘g‘risidagi taklif Kengash a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Yig’ilishda O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor U. Jumanazarovning 2024-2025 o‘quv yilida HEMIS axborot-boshqaruv tizimida o‘quv jarayonining joriy etilish holati, respublika va institutda chop etilayotgan ilmiy va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning sifati hamda bu sohani takomillashtirish borasidagi ishlar to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi.

Shundan so‘ng institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish, pedagog-xodimlar faoliyati samaradorligining muhim ko‘rsatkichlarini baholash tizimi (KPI) asosida 2024-2025-o‘quv yilining birinchi yarim yillik natijalari hamda institutning ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilari hamda xodimlariga qo‘shimcha haq belgilash to‘g‘risida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O.G‘aybullayevning axboroti keng muhokama qilindi.

Kengashda 2024-2025-o‘quv yili bitiruvchilarining “Bitiruv malakaviy ishini himoya qilish” hamda fanlararo (majburiy fanlar) yakuniy davlat attestatsiyasi sinovini topshirishini o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi va O‘qitishning texnik vositalari bo‘limini “Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi” tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Kengash yig‘ilishi kun tartibida belgilangan barcha masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2025-02-03 15:03:18 74