Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Hurmat bilan Bahodir XOLIQOV, 
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor v.b.

 

Hammamiz orziqib kutgan uyg‘onish, yasharish va go‘zallik fasli bo‘lmish bahorning ilk bayrami 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni ayyomi bilan Siz azizlarni muborakbod etayotganimdan behad baxtiyorman!

Bu bayram nafaqat mo‘tabar onaxonlarimiz, aziz opa-singillarimiz ibosi, hayosi, sha’ni va ulug‘vorligini tarannum etadi, balki oilalar mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti, yurt ravnaqi yo‘lida ularning tutgan beqiyos o‘rnini yana bir bor yodga soladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, davlat dasturlari, olib borilayotgan islohotlar xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning ma’rifat, tadbirkorlik, ilm-fan va innovatsiya sohalarida o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun qulay sharoitlar yaratmoqda. Xotin-qizlarimiz uchun O‘zbekistonda keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda, ularning mehnati va intilishlari munosib rag‘batlantirilmoqda. Shu bois mamlakatimizda xotin-qizlar faoliyat olib bormaydigan soha, tarmoq, yo‘nalish qolmadi. Bu joylarda ular o‘zlarining tashabbuskorligini, faolligini, aql-u zakovatini namoyon etishmoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari va professor-o‘qituvchilarining asosiy qismi xotin-qizlardan iborat. Oliygohda faoliyat olib borayotgan 551 nafar professor-o'qituvchining 361 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. 37 nafar fan doktorining 18 nafari, 108 nafar fan nomzodi va PhD ning 61 nafari, 116 nafar katta o'qituvchining 76 nafari, 290 nafar assistent-o'qituvchining 206 nafari xotin-qizlardan iborat. 13 ming nafarga yaqin talabaning 11 ming nafarga yaqinini ilmga chanqoq bo‘lgan qizlarimiz tashkil etayotgani qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi. Quvonarlisi, yuqori razryadga ega sportchi talabalarning asosiy qismi, Prezident va nomdor stipendiyantlarimizning barchasi talaba qizlardan iborat. Bu o‘g‘il bola o‘qisa, bir kishi – qiz bola o‘qisa, butun millat savodli bo‘ladi, degan hikmatomuz gapni yodimizga soladi.

Bugun o‘zingiz ko‘rib, guvohi bo‘lganingizdek, institutimizdagi ma’naviy-ma’rifiy hayot, o‘quv jarayonlari, xalqaro hamkorlik, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarda xotin-qizlarning ishtiroki ortib bormoqda. Oliygohni bitirayotgan yuzlab xotin-qiz mutaxassislar mamlakatimiz xalq xo‘jaligining turli jabhalarida mehnat qilib, iqtisodiyot, turizm, diplomatiya, ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishmoqda. Bu esa biz uchun ulkan g‘urur va iftixor baxsh etadi.

Ayniqsa, ta’lim va ilm-fan rivojida xotin-qizlarning roli beqiyos bo‘lmoqda. Ayol — nafaqat jamiyatning tayanchi, balki kelajak avlodning tarbiyachisi, ma’rifatparvar yo‘lboshchisi hamdir. Institutimizda faoliyat yuritayotgan ayol professor-o‘qituvchilar o‘zlarining boy tajribasi va chuqur bilimi bilan yosh avlodga yo‘l ko‘rsatmoqda, talaba qizlarimiz esa chuqur izlanishlari, ilmga bo‘lgan ishtiyoqi bilan kelajakda yurtimizni yanada rivojlantirish yo‘lida mustahkam poydevor yaratishlariga ishonchim komil.

Qadrli hamkasblar!

Institutimiz rahbariyati xotin-qizlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, ularning ilmiy va kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish, tadqiqot faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida doimiy harakat qilmoqda. Bugungi kunda institutimizda xotin-qizlarimizning ilm-fan sohasida erkin izlanishlar olib borishi uchun keng imkoniyatlar mavjud.

Hurmatli opa-singillar!

Sizning ma’rifatli, ilmli va donishmand ekanligingiz institutimiz nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Kelajakdagi yutuqlarimiz sizlarning fidokorona mehnatingiz va mehnatsevarligingizga chambarchas bog‘liq. Ishonchim komilki, sizlarning bilim va intilishlaringiz orqali institutimiz qisqa vaqtlarda dunyo miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, yangi marralarni zabt etadi.

Siz azizlarni yana bir bor ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etaman. Barchangizga oilaviy baxt, sog‘lik-salomatlik, ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman! Har doim mana shunday aziz va mo‘tabar bo‘lib qoling!

Share:
2025-03-06 19:10:47 141