Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqovning Navro'z bayrami munosabati bilan institut jamoasiga tabrigi

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, aziz hamkasblar, qadrli talabalar!

Sizlarni yurtimiz uzra kirib kelayotgan ko‘klamning go‘zal ayyomi – Navro‘z umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Bugun butun borliqda, tabiatda yangilanish, yasharish hukmron. Onaning mehridek iliq quyosh nurlari, dilga huzur bag‘ishlovchi mayin shabboda yurtimiz uzra bahor nafasini olib keldi. Dasht-u dalalar, qir va adirlar yashillikka burkangan, ko‘klam ifori kurtaklarni uyg‘otmoqda.

Ko‘klamning iliq nafasi, yasharish va yangilanishlar orzu-umid hamda quvonch-u shodlikka to‘lgan qalbimizga ko‘chib, ruhiyatimizda o‘z aksini topmoqda. Yilboshi – bu faqatgina yangi yil boshlanishi bilan bog‘liq bayram emas, balki xalqimizning ming-ming yillik tarixiy va madaniy merosini, urf-odat va an’analarini davom ettirishga xizmat qiladigan beqiyos ma’naviy boylik sifatida qadrlanadi.

Navro‘z tabiatda yangilanishlar sodir etishi bilan birga inson ruhiyatida uyg‘onishlar, qalbida esa evrilishlar olib keladi. Har yili Navro‘z ayyomi kunlarida borliqdagi o‘zgarishlar tufayli biz o‘zimizni yanada kuchli va baxtiyor his qilamiz, yangi orzu-umidlar va maqsadlar sari intilamiz, yuksak marralarni ko‘zlaymiz. Bu bayram qalblarni birlashtiradi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimizni oshiradi, milliy g‘ururimizni ko‘klarga ko‘taradi.

Hurmatli professor-o‘qituvchilari, aziz talabalar!

Navro‘z bayramining xalqimiz ma’naviy olamidagi o‘rni beqiyosdir. U nafaqat qadimiy urf-odatlarimizni saqlab qolish imkonini beradi, balki yosh avlod uchun ham katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Yurtimiz kelajagi yoshlar qo‘lida. Ularning ma’naviy olami boyishida Navro‘z kabi qadimiy va ulug‘vor bayramimiz, u bilan bog‘liq urf-odat va an’analarimizning alohida o‘rni borligini faxr bilan tilga olish mumkin. Bugun yosh avlod Navro‘z orqali ajdodlardan qolgan ma’naviy merosni kelajak avlodlarga yetkazish mas’uliyatini his qilmoqda.

Navro‘z dillarga quvonch va shodlik ulashadi. U har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun qalbda ezgu maqsadlarni tugish va sabr-bardosh, kuch va shijoatni ishga solish lozimligini o‘rgatadi.

Qadrli hamkasblar, hurmatli talaba yoshlar!

Yana bir bor barchangizni Navro‘zi olam bilan tabriklayman. Yaratgandan har biringizga sog‘lik-salomatlik, oilangizga totuvlik, ro‘zg‘oringizga qut-baraka, o‘qish va ishlaringizga rivoj tilayman.

Go‘zal ayyom – Yilboshi barchamizga muborak bo‘lsin!

Hurmat va ehtirom ila,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov

Share:
2025-03-20 19:12:14 240