SamDCHTIda talabalar uchun iftorlik tashkil etdi

Samarqand davlat chet tillar institutida talabalar uchun an’anaga muvofiq ramazon oyi munosabati bilan iftorlik tashkil etildi va dasturxonga milliy taom – osh tortildi.

Talabalar iftorlik qilish bilan birga o‘zaro bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish va mehr-u oqibatli bo‘lishning ahamiyati haqida samimiy suhbatlashishdi. 
Tadbir davomida rektor va prorektorlar talabalarni yakuniga yetayotgan ramazon oyi va ramazon hayiti bilan tabriklashdi. Shuningdek, institut rahbariyati va talabalar ishtirokida gulxan atrofida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Kechada kuylangan kuy-qo'shiqlar, gitara cholg'u asbobida jonli ijrolar va olov atrofidagi qaynoq suhbat talaba-yoshlarga iliq kayfiyat bag’ishladi.

Shundan so‘ng institut rektori B.Xoliqov talabalar turar joyidagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi hamda talabalar bilan uchrashib, ularning kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdi. Talabalarning murojaatlariga, taklif va mulohazalariga e’tibor qaratdi. 

Rektor mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tavsiya va ko‘rsatmalar berdi va talabalar turar joyida tunab qoldi. O‘z navbatida, talabalar rektorning yotoqxonada bir kecha mehmon bo‘layotganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

© Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2025-03-29 17:00:54 61