Ramazon hayiti barchangiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga tilakdoshman!

Assalomu alaykum, hurmatli institutimiz jamoasi, muhtaram professor-o‘qituvchilar va aziz talabalar!

Ramazon hayiti ayyomi munosabati bilan sizlarni chin dildan tabriklayman! Zamin uzra Allohning nuri, rahmati yog‘ilib turgan shu qutlug‘ kunlar hayotimizga mazmun, yurtimizga tinchlik, oilamizga baxt va xonadonimizga baraka olib kelsin!

Ramazon oyi davomida qilgan ibodatlarimiz, tutgan ro‘zamiz, saxovat va mehr-shafqatga to‘la amallarimiz bizni bir-birimizga qalban yaqinlashtirib, insoniylikni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Yuraklarimiz ezgu maqsadlar, orzu-havaslar, yaxshi amallar bilan limmo-lim bo‘lmoqda. Bu go‘zal ayyom xalqimizning ming yillik urf-odat va an’analari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan qo‘shilgan holda yanada jozibali va go‘zal, yanada betakror va tarovatli ekanligini ko‘rsatmoqda.

Hayit – bu nafaqat bayram, balki birlashish, jipslashish, bag‘rikenglik va mehr-oqibat ayyomi sifatida hayotimizdan chuqur o‘rin egallagan. Mana shunday ezgu xislat va fazilatlarni o‘zida jamlagan institutimizning har bir professor-o'qituvchisi, talabasi o‘zlarining shaxsiy ibratlari, qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan birgalikda jamoamizning umumiy muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shishmoqda. Siz, azizlarning mehnatingiz va intilishlaringiz institutimiz mehnat jamoasini yanada kuchli, yanada mustahkam, yanada tashabbuskor qilayotgani qalbimizni iftixorga to‘ldiradi. O‘zaro hurmat va birdamlikda bundan-da ko‘proq yutuqlarga erishishimiz mumkinligini ishonch bilan ta’kidlamoqchiman.

Qadrli professor-o‘qituvchilar, yurtimiz kelajagi bo‘lgan aziz talabalar!

Shu muqaddas Ramazon hayiti kunlari Allohdan barchangizga baxt-saodat, sihat-salomatlik, uzoq umr, yurtimizga tinchlik va xalqimizga farovonlik tilayman. Qalbimizda umid va ishonch, oilalarda tinchlik-xotirjamlik hukm sursin! Ramazon hayiti barchangiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga tilakdoshman.

Hayitingiz muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan Bahodir Xoliqov, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori 

Share:
2025-03-29 17:18:16 70