"Karyera kuni" mehnat yarmarkasi institut bitiruvchilari uchun ajoyib imkoniyat yaratdi

Mamlakatimizda yildan-yilga oliy ta’lim muassasalari, ular tayyorlayotgan mutaxassisliklarining miqdori va shunga mos ravishda tizimda o‘qishni davom ettirayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Endi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash kun tartibidagi asosiy masala bo‘lmoqda.

Shu bois mamlakatimiz mehnat bozori uchun har qanday raqobatga bardoshli, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan iqtidorli yoshlarni yetishtirib berishdek mashaqqatli va sharafli vazifani Samarqand davlat chet tillar instituti pedagogik jamoasi ham sidqidildan bajarib kelmoqda.

Joriy yilning 23-aprel kuni 2024/2025 o‘quv yilida Samarqand davlat chet tillar institutning bitiruvchi bosqich talabalarini ish joylariga taqsimlash maqsadida institutda “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-61-62-sonli qarori ijrosini ta’minlash, talabalarni ijtimoiy holatini yaxshilash maqsadida ularni bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilish, amaldagi “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom” hamda Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5117-sonli qarorda belgilab berilgan vazifalarni bajarish maqsadida tashkil etildi.

2024-2025-o‘quv yilida Samarqand davlat chet tillar institutida 3479 nafar yigit-qiz bakalavr yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligini tamomlamoqda. Samarqand viloyatidagi 100 dan ziyod ish beruvchi korxona va tashkilotlar, bo‘lim va boshqarmalar o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan “Karyera kuni” tadbirida institut bitiruvchilari bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishishdi va ish beruvchi korxonalar mas’ullari bilan shartnomalar imzolashdi.

Institutda bakalavriat ta’lim shaklida 3349 nafar bitiruvchi talaba tahsil oladi. Shundan 2709 nafari kunduzgi ta’lim yo‘nalishini bitirmoqda, 640 nafari esa kechki ta’lim shaklida tahsilni nihoyasiga yetkazdi. Kunduzgi bakalavriat bosqichida 15 ta yo‘nalishda 606 nafar talaba davlat granti asosida, qolgan 2103 nafar talaba to‘lov-shartnoma asosida tahsil oldi. Kechki ta’limda esa, 3 ta yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar orasidan faqat 3 nafari davlat granti asosida o‘qishni bitirmoqda.

Magistratura bosqichidagi bitiruvchilar soni esa 130 nafarni tashkil etadi. Bu yo‘nalishda ham davlat granti asosida o‘qiydiganlarning ulushi muhimdir – ya'ni, 60 nafari grant asosida, qolgan 70 nafari to‘lov-shartnoma asosida tahsil olmoqda.

Yoshlarning professional rivojlanishiga hissa qo'shish va bo‘lg‘usi mutaxassislarni ishga joylashishiga ko'maklashish uchun tashkil etilgan tadbir doirasida ish beruvchi tashkilotlar bitiruvchilarga o‘zlaridagi 1000 ga yaqin bo‘sh ish o'rinlarini hamda amaliy tajriba imkoniyatlarini taklif etishdi.

Tadbir jarayonida Samarqand davlat chet tillar institutining 270 nafar bitiruvchisi va 18 nafar uchinchi kurs talabasi Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tasarrufiddagi ta’lim muassasalari, “Air Marakanda” va boshqa korxonalarning bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashishdi. 

Institutda tashkil etilgan "Karyera kuni" mehnat yarmarkasi bitiruvchilar uchun ham, talabalar uchun ham, ish beruvchi korxona va tashkilotlar uchun ham ajoyib imkoniyat yaratib berdi desak adashmagan bo’lamiz.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2025-04-25 19:40:20 109