“Oliy ta’lim tizimida inklyuziv ta’lim istiqbollari va imkoniyatlari: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat chet tillar institutida Ingliz tili fakulteti “Innovatsion ta’lim texnologiyalari va metodika” kafedrasi tashabbusi bilan “Oliy ta’lim tizimida inklyuziv ta’lim istiqbollari va imkoniyatlari: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Italiya, Indoneziya, Hindiston, Turkiya, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya Qozog‘iston, Qirg’iziston, Rossiya va Tojikiston kabi mamlakatlarning 40 dan ziyod oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot markazlaridan 50 nafarga yaqin vakillar ishtirok etishdi.

Tadbirni Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqov ochib berdi. Yalpi majlisda Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M. Hamdamov, olimlar – A. Mamatov (O‘zMU), T.Bokova (Rossiya), Zanjani Surena (Turkiya), N.Nasrullayeva (SamDCHTI), Roberta Bonetti (Italiya), M. Busigina (Rossiya), Alessandra Marabini (Italiya), Lee Jiyoun (Janubiy Koreya), Ansori Parvina (Tojikiston) hamda Samarqand viloyat Nogironlar jamiyati rahbari D. Pardayevlar inklyuziv ta’limning ahamiyati, yutuqlari, yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish hamda xorij tajribasini joriy etish borasida ma’ruzalar qilishdi.

Anjumanda oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’limni rivojlantirishning zarurati, ushbu ta’lim shaklini joriy etishning ahamiyati, uni joriy etish yo‘lidagi mavjud muammo va to‘siqlarni  aniqlash va samarali yechimlarni ishlab chiqish yo‘llari, inklyuziv ta’limda ilg‘or usullarni keng joriy etish, shuningdek, muammolar va ularning yechimlari kabi masalalarni muhokama qilindi.

Ikki kun davom etgan anjuman “Inklyuziv ta'lim: zarurat, tendensiya, istiqbol”, “Inklyuziv ta’lim yo‘nalishida xorijiy tillarni o‘qitish muammolari”, “Oliy ta’limda inklyuziv ta’limni rivojlantirishning, ilg‘or innovatsiyalarni joriy etishning pedagogik imkoniyatlari”, “Inklyuziv ta'limda innovatsion yondashuvlar va yangi tendensiyalar” yo‘nalishidagi sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.

Sho‘balarda inklyuziv ta’limni rivojlantirishning ilg’or usullari, inklyuziv ta’lim yo‘nalishida xorijiy tillarni o‘qitish muammolari, oliy ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirishning pedagogik imkoniyatlari, inklyuziv ta'limda innovatsion yondashuvlar va yangi tendensiyalar kabi masalalar keng muhokama qilindi.

Samarqand davlat chet tillar institut Axborot xizmati

Share:
2025-05-02 16:33:42 128