INSON – AZIZ, XOTIRA – MUQADDAS!

Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, aziz talabalar institutimiz mehnat jamoasi! Mamlakatimizda har yili 9-may sanasi — Xotira va qadrlash kuni sifatida alohida ehtirom bilan keng nishonlanadi. Bu sana – o‘zining butun umrini yurt ozodligi, Vatan istiqboli va ravnaqi, xalq birligi va farovonligi, ilm-fan rivoji va kelajak avlod tarbiyasi uchun bag‘ishlagan aziz insonlarning, ota-bobolarimizning, o‘z kasbiga sadoqatli ustoz va murabbiylarning xotirasini yod etish, ularning xizmatlarini munosib qadrlash kuni sifatida hayotimizdan chuqur joy egallagan.


Samarqand davlat chet tillar institutida ham har yili mazkur sana o‘zgacha mazmun va ruhda qarshi olinadi. Bugun biz institutimiz tarixida chuqur iz qoldirgan, o‘zining bilim va tajribasi bilan ko‘plab yosh avlodga ta’lim-tarbiya bergan, oq-qorani o‘rgatgan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan, ammo afsuski, bugun oramizda bo‘lmagan aziz ustozlarni, marhum professor-o‘qituvchilarni chuqur hurmat va minnatdorchilik bilan yod etamiz. Ularning fidokorona va mashaqqatli mehnati, tarbiyalagan oqil va dono shogirdlari, yaratgan boy ilmiy merosi abadiy yashaydi. Har bir fakultet, har bir kafedra, har bir auditoriyada ularning izlari, har bir shogirdining qalbida ularning mehr tafti bor.


Xalqimizning shonli tarixiga nazar tashlasak, ajdodlarimiz biz uchun ibrat maktabi, sabr va qanoat, matonat va fidoyilik namunasi bo‘lib xizmat qilganiga guvoh bo‘lamiz. Yosh avlodning ta’lim-tarbiyasida ajdodlarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosiga, ibratga loyiq hayoti va faoliyatiga murojaat qilmasak, ishlarimiz samarali bo‘lmaydi. Xuddi shunday kecha bizga saboq bergan, ilmiy va pedagogik faoliyatimizni samarali tashkil etishimiz uchun butun hayotini baxshida qilgan suyukli insonlarni eslash, ularning xizmatlarini qadrlash, yurtimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida shahid bo‘lganlarning xotirasini yod etish barchamizning insoniy burchimiz hisoblanadi. Ular bizning qalbimizda, institutimiz tarixida, xalqimiz xotirasida mangu yashaydi.


Muhtaram ustozlar, qadrli hamkasblar, aziz talabalar! Ayni paytda hayot bo‘lgan ustozlarimizga, uzoq yillar davomida institutimizda sidqidildan xizmat qilgan, yosh avlod qalbiga ilm va ma’rifat urug‘ini qadagan, murabbiylik burchini sharaf bilan ado etayotgan barcha o‘qituvchi va professorlarga chuqur hurmat bajo keltiramiz. Siz, azizlarning mehnatkashligingiz, fidoyiligingiz, o‘rnak bo‘ladigan insoniy fazilatlaringiz institutimiz ravnaqi, yoshlar tarbiyasi va mamlakat ilm-fani taraqqiyoti uchun muhim o‘rin tutadi.


Siz, aziz ustozlarning faoliyatingiz — yoshlar qalbiga nur olib kiruvchi, jamiyatga yetuk kadrlarni tarbiyalovchi muqaddas va sharafli, mashaqqatli va natijasi totli vazifadir. Institutimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, olib borilayotgan islohotlar, ta’lim tizimidagi yuksalishlar — aynan sizlarning bilimingiz, tajriba va fidoyiligingizga tayanadi. 


Sizlarga chuqur minnatdorchilik bildirgan holda, Tangridan mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, mazmunli va uzoq umr hamda samarali ilmiy-pedagogik faoliyat tilaymiz. Ustoz – millatning ma’naviy tayanchi, ustoz – jamiyatning yo‘l ko‘rsatuvchisi hisoblanadi. Biz bugungi qutlug‘ sanada barcha ustozlar oldida bosh egamiz.


Bahodir XOLIQOV, 
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Share:
2025-05-08 16:52:42 144