Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, hurmatli hamkasblar va qadrli talabalar!
Qurbon hayiti – bu nafaqat diniy bayram, balki xalqimiz qon-qoniga singib, urf-odat va an’analari bilan uyg‘unlashib ketgan mehr-muruvvat, insoniylik, sabr-toqat, saxovat, fidoyilik va o‘zaro hamjihatlik kabi yuksak fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas bayram sifatida hayotimizdan muqim o‘rin egallagan. Ming yillik an’analarga muvofiq Arafa va bayram kunlari yurtdoshlarimiz bir-birini ziyorat qiladi, o‘zaro ehtirom ko‘rsatilib, hamjihatlik va do‘stlik rishtalari mustahkamlanadi, eski gina-kuduratlar unutiladi, kasal va muhtojlar, yetim va miskinlar holidan xabar olinadi, saxovatpeshalik va kamtarinlik fazilatlari yana-da yorqinroq namoyon bo‘ladi.
Shunday go‘zal ayyomda, hayitning fayzli lahzalarida, Siz aziz ustoz va murabbiylarimizga, institutimizning fidoyi ishchi-xodimlariga, nurli kelajagimiz – bilimli va iqtidorli talabalarimizga samimiy tilaklarimni izhor etayotganimdan behad baxtiyorman. Qurbon hayiti ayyomi barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!
Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
O‘z hayotingizni ilm-ma’rifat va tarbiyaga bag‘ishlab, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni yetuk insonlar qilib tarbiyalash yo‘lida beminnat xizmat qilib kelmoqdasiz. Institutimizda tahsil olayotgan har bir talaba ongiga faqat bilim emas, balki or-nomus, vatanparvarlik, ma’naviy poklik singari yuksak insoniy fazilatlarni singdirayotganingiz uchun Sizlarga o‘zim va ko‘psonli talabalarimizning ota-onalari nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Mehnatlaringiz xalqimiz kelajagiga, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotgani qalbimizni iftixorga to‘ldiradi.
Aziz talabalar!
Bugungi kunda Vatanimiz, xalqimiz yosh avlodga yuksak ishonch va katta umidlar bilan boqmoqda. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida sizlar uchun keng sharoitlar yaratilib, imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Sizlar nafaqat bilimli, balki yuksak ma’naviyatli, shijoatli, el-yurt uchun sadoqatli, jasur va matonatli, o‘zligini anglab yetgan insonlar bo‘lib yetishmoqdasiz. Turli jabhalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlaringiz o‘zbekning farzandi hech kimdan kam emasligini, O‘zbekistonda ajdodlariga munosib avlodlar kamolga yetayotganini ko‘rsatmoqda.
Qadrli hamkasblar!
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan, xalqimiz farovonlik sari intilayotgan bir davrda bunday bayramlar qalblarimizni ezgulikka, poklikka va mehrga to‘ldiradi, ezgu ishlarni qilishga, buyuk rejalarni bajarishga ilhom bag‘ishlaydi.
Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz saodati, ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida qilayotgan mehnatlarimizga Yaratgandan baraka tilayman. Qutlug‘ Qurbon hayiti kunlari Tangridan barchangizga sihat-salomatlik, xonadoningizga fayz-baraka, oilangizga totuvlik, o‘qish va ilmiy-pedagogik faoliyatingizga rivoj tilayman.
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Bahodir Xoliqov,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
