Samarqand davlat chet tillar instituti to‘liq institutsional akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. Endilikda institut nufuzi va diplomlari nafaqat Yevropada, balki butun dunyo bo‘ylab keng tan olinadi, talabalar va bitiruvchilar uchun xalqaro maydonda yangi imkoniyatlar eshiklari ochiladi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 28-30-aprel kunlari Yevropa Ta’lim Sifati Agentligi (European Quality Assurance Agency – EQAA) ekspertlari tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutining o‘quv dasturlari, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, shuningdek, institut mehnat jamoasi faoliyatining xalqaro standartlarga muvofiqligi akkreditatsiyadan o‘tkazish maqsadida o‘rganilgan edi.

Ma’lumki, EQAA – xalqaro miqyosda tan olingan, Yevropa va jahondagi eng nufuzli ta’lim sifatini baholovchi agentliklardan biri bo‘lib, u INQAAHE – International Network for Quality Assurance Agencies (Jahon Ta’lim Sifatini Ta’minlovchi Agentliklar Assotsiatsiyasi)ning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.
Akkreditatsiyadan o‘tish jarayonida Samarqand davlat chet tillar instituti o‘zining ta’lim va ilmiy faoliyatida, boshqaruv va infratuzilmasida xalqaro va milliy standartlarga to‘liq javob berayotganligini xalqaro ekspertlar rasman tasdiqlashdi.
Shu bilan birga ta’lim sifati, olimlar va ilmiy tadqiqotchilarning izlanishlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati, talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan islohotlar, jamoatchilik bilan o‘rnatilgan aloqalar va mustahkam hamkorlik kabi yo‘nalishlar xalqaro mezonlar asosida tashkil etilgani e’tirof etildi.
Besh yilgacha amal qiladigan mazkur akkreditatsiya ta’lim muassasasining institutsional rivojlanishiga, xalqaro hamkorlik aloqalari yanada kengayishiga, xalqaro grantlar va ta’lim dasturlarida ishtirok etish imkonini berayotgani bilan juda ahamiyatlidir. Quvonarlisi, institut xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini mustahkamlab boradi, dunyo miqyosida nufuzi oshib, tan olinish imkoniyati yanada ortadi.
Institutda endilikda xalqaro stipendiyalar, qo‘shma ta’lim dasturlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bitiruvchilar xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘ladi. Talabalar va xodimlar uchun ta’lim va ilmiy izlanishda Yevropa tajribasi va xalqaro standartlardan foydalanish imkoniyati kengayadi.
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
