Assalomu alaykum, aziz ustozlar va qadrli talabalar!
Bugun Samarqand davlat chet tillar instituti hayotida unutilmas tarixiy kun! Yevropa Ta’lim Sifati Agentligi (EQAA) ekspertlari tomonidan institutimiz institutsional akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu yutuq mehnat jamoamizning samarali faoliyati, tinimsiz izlanishlari, bilimga intilishi va kasbiga bo‘lgan sadoqatining yorqin ifodasi bo‘ldi, desak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ushbu muvaffaqiyat Yevropa ta’lim makonida institutimiz o‘z o‘rniga ega bo‘lishi bilan birga, ta’lim sifati xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini, bitiruvchilarimizning diplomlari dunyo bo‘ylab keng tan olinishini anglatadi.
Institutsional akkreditatsiya biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash, ta’lim dasturlarini takomillashtirish, ilm-fan yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng yo‘l ochadi.
Muhtaram ustozlar, qadrli hamkasblar!
Bu yutuqda sizning hissangiz katta bo‘lganini faxr bilan tilga olmoqchiman. Sizning fidoyiligingiz, kasbingizga sadoqatingiz, yosh avlodga bo‘lgan mehr-muhabbatingiz ulkan marralarni zabt etishimiz uchun xizmat qilayotganini e’tirof etish joiz. Sizning bilimingiz, tajribangiz va mas’uliyatingiz institutimizning asosiy boyligi, yutuqlarimiz garovidir. Buning uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Qadrli talabalar!
Sizning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqingiz, yangilikka intilishingiz, qo‘lga kiritayotgan yutuqlaringiz biz, ustozlarni hamisha quvontirib kelgan. Bugun iqtidoringizni namoyon etishingiz, ilm-fan sohasida muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishingiz uchun yana bir imkoniyat yaratildi. Umid qilamizki, siz bu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda mamlakatimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilasiz.
Kelgusida ham birgalikda yanada ulkan marralarni, albatta, zabt etamiz!
Bahodir Xoliqov,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
