Siz azizlarni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Assalomu alaykum, hurmatli xalqaro jurnalistika ta'lim yoʻnalishi talabalari – bo‘lg‘usi jurnalistlar va ularning qadrli ustozlari, qalamkash hamkasblar!

Bugungi o‘zbek jurnalistikasi shaffoflik, tezkorlik, xolislik va adolat tamoyillariga asoslangan holda mamlakat ravnaqi va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Islohot odamlar ongini o‘zgartirishdan boshlanadi. Mana shunday og‘ir, sharafli va mas’uliyatli vazifani jurnalist-qalamkashlarimiz fidoyilik bilan bajarishmoqda. Jamoatchilikning ma’naviy olamini boyitishda, siyosiy ongini oshirishda, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga yurtdoshlarimizning faol ishtirokchi bo‘lishlarini targ‘ib etish borasida e’tirof etishga arzirli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Aziz talabalar!
Siz ertaga zamonamizning faol ziyolisi, axborot maydonida o‘z o‘rniga va o‘z so‘ziga ega bo‘lgan ijodkor sifatida xalqimizga, yurtimizga xizmat qilasiz. Fidoyi, jasur, adolat mezonlariga suyangan holda ishga ijodiy yondashuvchan, hozirgi axborot asrida xalqimiz manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yadigan millatimiz oydinlari bo‘lib yetishingizga ishonaman. 

Qadrli ustozlar! 
Sizlarning jurnalist-kadrlar yetishtirish sohasidagi mehnatlaringiz, ilmiy, ijodiy va pedagogik izlanishlaringiz natijasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlaringiz tahsinga sazovor. Sizlarga Yaratgandan shogirdlaringiz yutuqlarini ko‘rib yurish, ular erishgan natijalardan faxrlanish, qilgan mehnatlaringiz rohatini ko‘rish nasib etishini so‘rayman.

Yana bir bor barchangizni kasb bayramingiz bilan tabriklayman! Allohdan sizlarga mustahkam sogʻlik, kuch-gʻayrat, ijodiy parvoz va omad tilayman. Qalamingiz oʻtkir, soʻzlaringiz ta’sirchan boʻlsin! Adolat va haqiqatni himoya qilish yo‘lidagi ishlaringizga muvaffaqiyat yor boʻlsin!

Hurmat bilan,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori 
Bahodir Xoliqov

Share:
2025-06-27 15:15:18 158