“Yosh gidlar maktabi” o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli yakunladi


 

Samarqand davlat chet tillar institutida gid-tarjimonlikka qiziqqan talabalar uchun tashkil etilgan “Yosh gidlar maktabi” o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli yakunladi. 

Mazkur maktab yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tajribali gidlar bilan “Ustoz-shogird” an’anasi asosida tayyorlash, shuningdek, yozgi ta’tilni mazmunli va samarali o‘tkazish maqsadida yo‘lga qo‘yilgandi.

O‘quv kurslari davomida tinglovchilar uchun ma’ruzalar va treninglar tashkil etildi. Malakali professor-o‘qituvchilar va litsenziyaga ega bo‘lgan gid-mutaxassislar  bo‘lajak gidlarga soha sir-asrorlarini o‘rgatishdi, nazariy va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga ko‘maklashishdi.

Bugun institut rektori B.Xoliqov ushbu maktabni muvaffaqiyatli bitirgan talabalar bilan uchrashdi. Suhbat davomida rektor sohaning dolzarb yo‘nalishlari, yoshlar oldida turgan muhim vazifalar haqida to‘xtaldi va tinglovchilarga sertifikatlar topshirdi.

Bu kabi tashabbuslar yoshlarning kasbiy rivoji, til bilishi va madaniyatlararo muloqotda faol ishtirok etishlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Share:
2025-09-12 19:57:51 148