Deputat bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Samarqand davlat chet tillar institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputati Zebiniso Rahmonova saylovchilar — professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashdi.

Tadbirda Zebiniso Rahmonova mamlakatimizda barcha jabhada olib borilayotgan keng miqyosdagi islohotlar jarayoni haqida ma’lumot berdi. Bundan ko‘zlangan maqsad yurtimizdagi har bir insonning turmush farovonligini oshirishga qaratilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoat nazoratini oshirish, joylarda maishiy korrupsiyaning oldini olish, yoshlarimizda bu illatga nisbatan murosasiz bo‘lish hamda ta’lim tizimini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi, taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.

Qonunchilik palatasi deputati mamlakatimizdagi, xususan, Samarqanddagi ko‘zni quvnatadigan yangiliklar, o‘sish-o‘zgarishlar haqida gapirdi. Jumladan, Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar e’tirof etildi. Yoshlar, xotin-qizlar va ularning baxt-u saodati, kelajak istiqbollarini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar sanab o‘tildi.

Uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Bunday uchrashuvlar yoshlar siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2025-09-25 18:56:52 107