
Assalomu alaykum, aziz ustozlar, hurmatli hamkasblar!
Sizlarni eng ezgu va ulug‘ ayyomlardan biri – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman! Sizga mudom ta’zim qilish, sizning fidokorona mehnatingizni e’tirof etish biz uchun sharaf hisoblanadi.
O‘qituvchilik – bu oddiy kasb emas, bu – mehr, sabr, bilim, fidoyilik va qalbdagi yuksak mas’uliyat uyg‘unligidir. Sizning saboqlaringiz, murabbiyligingiz, ibratli hayotingiz tufayli bugun yurtimizda minglab yoshlar kamol topmoqda, orzu va maqsad sari dadil intilmoqda.
2024-2025 o‘quv yili institutimiz tarixida muhim sahifalar bitdi.
Qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar bu yilni barchamiz uchun esda qolarli qilganini faxr bilan ta’kidlash joiz.
Ushbu zafarlar — ayniqsa siz, aziz ustozlarning tinimsiz izlanishlaringiz, yuksak salohiyatingiz, kasbga bo‘lgan mehr va sadoqatingiz samarasi hisoblanadi! Sizning bir yoqadan bosh chiqarib, tashabbuskorlik va fidoyilik bilan qilgan harakatlaringiz natijasida institutimizda ta’lim sifati, ilm-fan rivoji, xalqaro hamkorlik, zamonaviy infratuzilma va jamoatchilik bilan aloqalar xalqaro mezonlar asosida jadal rivojlanmoqda. Bu esa jamoamiz uchun yangi ufqlarni ochib, professor-o‘qituvchilar hamda talaba yoshlarimiz uchun global imkoniyatlar yaratmoqda.
Aziz hamkasblar!
Ta’limga, ustoz-murabbiylarga e’tibor qaratgan jamiyat albatta rivojlanadi va yuksaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va olib borilayotgan chuqur islohotlarning samarasini bugungi yutuqlarimiz misolida yaqqol ko‘rib, his qilmoqdamiz.
Mamlakatimiz rahbarining o‘qituvchi va murabbiylar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’lim tizimini yanada yuksaltirishga oid qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Prezidentimiz ustoz va murabbiylarning maqomi hamda mavqeini ko‘tarishni davlat siyosati darajasiga olib chiqdilar. Bu e’tibor barchamizga kuch va shijoat, eng muhimi, yangi marralarni zabt etishimiz uchun ilhom bag‘ishlamoqda.
Qadrli ustozlar!
Sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, ilmiy-pedagogik faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Yoshlarga bergan har bir sabog‘ingiz, ko‘rsatgan har bir to‘g‘ri yo‘lingiz kelajakda o‘z samarasini beradi. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, siz bugunni emas, istiqboli porloq kelajakni barpo etyapsiz.
Siz bilan faxrlanamiz! Siz bizning ilhomimiz va tayanchimizsiz!
Hurmat bilan,
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
