Samarqand davlat chet tillar instituti delegatsiyasi AQSHda xizmat safarida

AQShda xizmat safarida bo‘lib turgan Samarqand davlat chet tillar instituti delegatsiyasi tashrif doirasida Yuta shtatidagi hamkorlar bilan muzokaralarni muvaffaqiyatli boshladi. Dastlabki uchrashuv Stirling Foundation rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi.

Unda institut rektori B.Xoliqov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor J.Nasrullayevlar ishtirok etishdi. Muzokaralar Stirling Foundation prezidenti va bosh ijrochi direktori (President & CEO) Miles Hansen janoblari boshchiligidagi rahbariyat bilan tashkil etildi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, xorijiy tajribalardan keng foydalanish va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashishdi. Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun stipendiya va grant dasturlarini tashkil etish, akademik almashinuvlar, qisqa muddatli kurslar va yozgi maktablar loyihalarini yo‘lga qo‘yish, yoshlar tashabbuslarini, ta’lim va ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikda ta’lim, til o‘rganish va madaniy diplomatiya sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, yo’l xaritalari hamda ishchi guruhlar tuzish va yaqin haftalarda birgalikdagi loyiha takliflarini almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishishdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2025-10-20 12:10:00 54