O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, aziz hamkasblar, qadrli talabalar!

Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi tarixidagi muhim va qutlug‘ sana hisoblanmish 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Bu muhim sana — o‘zbek xalqining milliy o‘zligini, ma’naviy merosini, keng tafakkurini hamda boy va qadimiy tarixga ega madaniyatini o‘zida mujassam etgan ona tilimizning yurtimizda yuksak maqomga ega bo‘lgan kuni sifatida har birimizning qalbimizda muhrlangan.

Bugun e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida biz dilimizdan o‘tkazib, aytmoqchi bo‘lgan fikr va orzular o‘z ifodasini topgan. Ushbu qarorda o‘zbek tilining davlat tili sifatida jamiyatning barcha sohalarida to‘liq va samarali qo‘llanilishini ta’minlash, ta’lim tizimida uni o‘qitishni takomillashtirish, til sofligini saqlash va boyitish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarga integratsiyasini kuchaytirish maqsadida keng ko‘lamli vazifalar belgilab berilgan.

Shuningdek, 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan amaliy dasturlar, sun’iy intellekt asosidagi o‘quv platformalari, chet elliklar va vatandoshlar uchun til kurslari, xalqaro ilmiy anjumanlar, tanlov va olimpiadalarni tashkil etish, shuningdek “O‘zbek tili bayrami” doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur qaror ona tilimizning sofligi, boyligi, barhayotligi va jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborining oshishiga xizmat qiladi.

Bugun o‘zbek xalqining ulkan adabiy-madaniy merosini, ilm-fan, ta’lim, texnologiya va diplomatiya sohalaridagi yutuqlarini dunyoga tanitishda ona tilimiz muhim vositaga aylangan. Ayniqsa, xorijiy tillarni chuqur o‘rganayotgan siz aziz talabalar uchun bu ikki tillilik — ona tilimizga hurmat, xorijiy tillarga esa qiziqish va intilish timsoli hisoblanadi. Donishmandlar bejizga “Til bilgan – el bilar”, demagan.

Bugungi kunda institutimizda 13 mingdan oshiq yoshlar tahsil olishmoqda. Ularga dunyoning nufuzli 11 ta tili birinchi va ikkinchi xorijiy til sifatida o‘rgatilmoqda. Bu esa ona tilimizga bo‘lgan mehrni kuchaytirgan holda, uni boshqa tillar qatorida qadrlashga undaydi.

Shu o‘rinda siz aziz talabalarni xorijiy tillarni chuqur o‘rganish barobarida, o‘zbek tilini ham chuqur anglash, sevish va asrab-avaylashga, yosh avlod qalbida ona tiliga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlashga chorlamoqchiman.

Ona tilimiz — millatimiz yuragi. Uning sofligini, davomiyligini, abadiyligini ta’minlash, boyligini oshirish esa siz, azizlarning sharafli mehnatingiz va fidokorona xizmatlaringiz bilan chambarchas bog‘liq.

Hurmatli institut jamoasi!

Sizlarga Yaratgandan sihat-salomatlik, oilaviy baxt va yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi hamda ona tilimizning obro‘sini oshirish yo‘lida qilayotgan ezgu sa’y-harakatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar!

Hurmat bilan Bahodir XOLIQOV,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

 

Share:
2025-10-21 15:51:47 55