Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar! Barchangizni sevimli ta’lim maskanimiz – Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil topganiga 31 yil to‘lishi munosabati bilan tabriklayman.
Bitta fakultet negizida tashkil etilgan institut o‘tgan 31 yil ichida to‘la shakllanib, respublikamizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi. Lekin buning zamirida qancha mehnat, qancha harakat, qancha izlanish borligini shu dargohda mehnat qilganlar, bugun faoliyat yuritayotganlar, oliygoh bilan birga ulg‘aygan hamkasblarimiz boshqalardan ko‘ra, teranroq, chuqurroq anglashadi.
Mustaqillik yillarining boshlarida xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda tarjimonlarga katta ehtiyoj sezilgandi, maktablarda chet tili fani o‘qituvchilari yetishmasdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan 1994-yil 8-noyabrda Samarqand davlat chet tillar institutining tashkil etilishi ana shu muammolarga munosib yechim bo‘ldi.
Samarqand davlat universitetining tegishli fakulteti negizida tashkil etilgan institutda dastlabki yillarda nemis filologiyasi, ingliz filologiyasi, fransuz filologiyasi va maktabgacha tarbiya fakultetlari hamda ikkinchi til, falsafa va iqtisod, umumiy tilshunoslik, jahon adabiyoti kafedralari faoliyat ko‘rsatardi. O‘shanda 500 nafar atrofida talaba tahsil olardi.
Taniqli olimlar, ilm-fan fidoyilari - Yusuf Abdullayev, Muhammadjon Mamatov (oxiratlari obod bo‘lsin), Shahriyor Safarov, Shuhrat Sirojiddinov, G‘anisher Rahimov va Ilhomjon To‘xtasinovlar rahbarligida institutimiz jamoasi bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qildi. Jamoaning yillar davomida orttirgan tajribasi, to‘plagan malakasi, ko‘rsatgan fidoyiliklari natijasida ana shu yangi ilm-ma’rifat maskani qisqa fursat ichida o‘z nufuzi va o‘rniga ega bo‘ldi.
Bugunga kelib Samarqand davlat chet tillar institutida 12 ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Ularga dunyoning nufuzli 13 ta tili birinchi va ikkinchi xorijiy til sifatida o‘rgatilmoqda. Oliygohimiz faqatgina O‘zbekistonda emas, xorijda ham tanilib, shuhrati ortib borayotgan oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi va nafaqat Samarqand, balki Navoiy, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari umumta’lim maktablari uchun xorijiy til mutaxassislarini tayyorlovchi yetakchi ta’lim dargohi sifatida e’tirofga sazavor bo‘ldi.
Mazkur ziyo maskanining aynan Samarqandda tashkil etilishida o‘zgacha ma’no bor edi. O‘tmishda bir nechta markazlashgan davlatlar, ulkan imperiyalar poytaxti, Qadimiy Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan va 3000 yillik tarixga ega bo‘lgan Samarqand ilm-fan beshigi, ma’naviyat va ma’rifat maskani hamda madaniyat markazi sifatida shuhrat qozongan. Bu qadimiy kent bugun ham sharafga burkangan holda shuhrat cho‘qqisi sari dadil odimlamoqda.
Yillar o‘tib oliygohda zamon talabiga javob beradigan xorijiy til o‘qituvchilari, gid va tarjimonlar yetishib chiqa boshladi. Natijada umumiy o‘rta ta’lim maktablari malakali xorijiy til o‘qituvchilari bilan ta’minlandi. Samarqandda bo‘ladigan barcha xalqaro anjuman va tadbirlarga chetdan tarjimon taklif qilishga ehtiyoj qolmadi. Iqtisodiyotning muhim bo‘g‘ini hisoblangan turizm sohasi Samarqand davlat chet tillar instituti yetishtirgan kadrlar hisobidan yuksala bordi.
Qadrli do‘stlar!
Bugun ilm maskanimiz o‘zining muborak o‘ttiz bir bir yoshini qarshilamoqda. Mamlakatimiz xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida jumladan, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar institut jamoasini, uning moddiy-texnik bazasini, ta’lim-tarbiya va ilmiy sohasini ham chetlab o‘tmadi. Yillar o‘tib yo‘nalishlar, kafedra va fakultetlar, shunga mos ravishda talabalar soni bir necha barobarga ko‘paydi. Oliygohda ilmiy unvon va darajaga ega bo‘lgan malakali professor-o‘qituvchilar safi oshdi, ilmiy salohiyat yuksaldi.
Oliygohda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan e’tibor, jahon standartlariga mos faoliyat, jamoaning bir yoqadan bosh chiqarib olib borgan fidokorona mehnati natijasida joriy yilning aprel oyi institut EQAA xalqaro standarti asosida to‘liq institutsional akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu natija institutning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirib, xorijiy hamkorlik, grantlar va ta’lim dasturlarida faol ishtirok etish imkonini bermoqda. Quvonarlisi, ayni paytgacha dunyoning 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
2025-yilda institutimiz Round University Ranking (RUR) xalqaro reytingida ishtirok etib, jahondagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida — 911-o‘rinni, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida esa — 11-o‘rinni egalladi. Mazkur reyting ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro aloqalar va moliyaviy barqarorlik kabi 20 dan ortiq mezon asosida baholanadi.
Bugun oliygoh mehnat jamoasi yosh avlodni munosib kadrlar qilib tarbiyalash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev ilgari surgan Yangi O‘zbekistonni bunyod qilish hamda Uchinchi Renessansning yaratilishiga munosib hissa qo‘shishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib olgan va shu yo‘lda dadil qadam tashlamoqda.
Institutimiz ravnaqi yo‘lida uzoq yillar fidoyilik ko‘rsatgan marhum ustozlarimizning oxiratlari obod bo‘lsin! Biz bilan yelkama-yelka mehnat qilayotganlariga sihat-salomatlik, uzoq umr tilaymiz. Ularning ibratga loyiq hayotlari va faoliyatlari yoshlarimiz uchun maktabdir.
Hurmatli institutimiz jamoasi!
Hali oldinda ulkan orzu-niyatlarimiz, ezgu istaklarimiz, biz zabt etishimiz maqsad qilingan ulkan marralar turibdi. Buning uchun jamoamizda kuch, imkoniyat va salohiyat yetarli. Barchangizni ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida birlashishga, tashabbuskorlikni qo‘ldan boy bermay faoliyat yuritishga chaqiraman. Kelgusi o‘qish va ishlaringizga rivoj, oilangizga totuvlik, xonadoningizga qut-baraka tilayman.
Sizlarni yana bir bor Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil topganining 31 yilligi bilan qutlayman.
Hurmat bilan, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqov
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
