Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, aziz hamkasblar, qadrli talabalar!
Siz azizlarni mamlakatimiz hayotidagi muhim sana hisoblanmish 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman!
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi yurtimizning shonli tarixi, ajdodlarimizning o‘chmas xotirasi, milliy gʻururimiz va faxrimiz, bugungi tinch, osuda va farovon hayotimiz, ertangi porloq kelajagimizni o‘zida mujassam etgan muqaddas timsol sifatida qalbimizdan mustahkam o‘rin egallagan.
Har yili bu qutlugʻ sanani nishonlar ekanmiz, Vatanga bo‘lgan sadoqatimiz, milliy urf-odat va an’analarga hurmatimiz yuksaladi, yosh avlod qalbida milliy gʻurur, or-nomus va mas’uliyat ortadi. Mazkur sana barchamizga yagona bayroq ostida birlashgan holda olg‘a intilish va yangi marralarni zabt etishga ilhom bag‘ishlaydi.
Biz, Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi ham Vatanimizning mana shu muqaddas bayrogʻi ostida fidokorona mehnat qilib, ta’lim, ilm-u ma’rifat, taraqqiyot yoʻlida yangi marralarni egallash uchun dadil ildamlayapmiz.
Hurmatli ustoz va qadrli hamkasblar!
Sizlarning tinimsiz mehnatingiz, fidoyiligingiz, institutimiz nufuzi va salohiyatini oshirishdagi hissangiz tahsinga sazovor. Keyingi yillarda institutimiz nufuzining oshishida, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashimizda, jamoamiz ilmiy salohiyati yuksalishi va talabalarimiz iqtidorlarining ro‘yobga chiqishida har biringizning o‘z o‘rningiz bor. Kelgusida ham birlikda, jipslikda yuksak maqsadlar sari dadil harakat qilamiz.
Aziz talabalar!
Bugun O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi tengdoshlaringiz uchun ushalmas orzu ekanligini ta’kidlamoqchiman. Sizlar bu imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda ezgu niyat va buyuk maqsadlar sari intilayotganingizni, ulkan yutuqlarga erishayotganingizni faxr bilan tilga olmoqchiman. Sizlardan xalqimizning, Vatanimizning, ota-onangiz hamda ustozlaringizning ishonch va umidlari katta. Sizning bu yuksak ishonchni oqlashingizga, umidlarini ro‘yobga chiqarishingizga ishonamiz.
Barchangizni bugungi ayyom bilan muborakbod etaman. Oilangizga xotirjamlik, xonadoningizga qut-baraka, o‘qish va ishlaringizga, ilmiy-pedagogik faoliyatingizga omad tilayman.
Yurtimiz bayrogʻi doimo yuksaklarda hilpirasin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
Bahodir XOLIQOV
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
