Humboldt universiteti talabalari uchun Samarqand davlat chet tillar institutida yozgi maktab tashkil etiladi

Xizmat safari bilan Germaniyada bo‘lib turgan B.Xoliqov boshchiligidagi Samarqand davlat chet tillar instituti delegatsiyasi “O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari forumi” doirasida Berlin shahridagi Humboldt universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti mas’ullari bilan Hamkorlik Bitimi imzoladi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Markaziy Osiyo tadqiqotlari yo‘nalishida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. 2026-yilning aprel oyida Humboldt universitetining 16 nafar talabasi uchun Samarqand davlat chet tillar institutida yozgi maktab tashkil etilishi belgilandi.

Yozgi maktab davomida talabalarga o‘zbek tili va madaniyati hamda O‘zbekiston tarixi bo‘yicha maxsus kurslar o‘tiladi. Shuningdek, Humboldt universiteti professorlari Manya Shtefan (Manja Stephan) va Ayfer Durdular tomonidan ikki oliy ta’lim muassasasi talabalari uchun seminar-treninglar tashkil etiladi.

Institut vakillari Humboldt universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari institutiga qilgan tashrifi chog‘ida yozgi maktabga tayyorgarlikning tashkiliy masalalari muhokama qilindi va batafsil kelishib olindi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2025-11-20 13:36:51 90