Ispaniyalik talabalar uchun SamDCHTIda yozgi maktab tashkil etiladi

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov boshchiligidagi delegatsiya Ispaniya Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ta’limni xalqarolashtirish milliy markazi (SEPIE)ning Xalqaro aloqalar bo‘limi direktori Alberto Salsines hamda uning o‘rinbosari Fatima Terol xonimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida Erasmus+ KA171 akademik almashinuv dasturlarini izchil kengaytirish, O‘zbekistonda ispan tiliga qiziqish ortib borayotgani hamda talabalar va o‘qituvchilarning mobillik dasturlariga ehtiyoj kuchaygani inobatga olinib, kelgusi rejalar va ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Xususan, almashinuv dasturlaridagi kvotalar sonini oshirish ikki tomon uchun ham muhim vazifa ekani ta’kidlandi. Shuningdek, talabalar, yosh tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va institut xodimlari uchun Ispaniya universitetlarida qisqa muddatli o‘quv kurslari, stajirovkalar va ilmiy amaliyotlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bu esa o‘quv jarayoni uchun zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etishga, sifat va samaradorlikning oshishiga xizmat qiladi.

Uchrashuvda ispaniyalik talabalar uchun SamDCHTIda yozgi maktab tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur maktabda o‘zbek tili va madaniyati, rus tili, islomshunoslik va boshqa yo‘nalishlarda saboqlar tashkil etish rejalashtirildi.

Tomonlar ta’limni xalqaro miqyosda rivojlantirish, akademik almashinuvlar ko‘lamini kengaytirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalarni belgilab olishdi. Jumladan, SEPIE bilan hamkorlikda SamDCHTIda Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat yuritayotgan ispan tili o‘qituvchilari uchun to‘rt haftalik metodik malaka oshirish kursi tashkil etiladigan bo‘ldi.

Ushbu tashabbuslar mintaqadagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan ispan tili o‘qituvchilarining malakasini xalqaro standartlar asosida oshirishga xizmat qiladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

Share:
2025-11-24 16:35:01 818