Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi Elchixonasi vakili hamrohligida Ispaniyaning Madrid shahrida joylashgan Servantes Institutiga tashrif buyurdi.
1991-yilda tashkil etilgan Servantes Instituti — ispan tilini xorijiy mamlakatlarda rivojlantirish, o‘qitish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ispan tilining xalqaro nufuzini oshirishga mas’ul bo‘lgan eng nufuzli davlat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Dunyoning 90 dan ortiq mamlakatlarida mazkur oliygohning markazlari mavjud bo‘lib, ELE metodikasi, AVE Global platformasi, shuningdek, DELE va SIELE imtihon tizimlari uning asosiy yo‘nalishlarini tashkil etadi.
SamDCHTI delegatsiyasini Servantes instituti bosh kotibi Karmen Noguero xonim hamda Akademik ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Raquel Romero Guillemas xonimlar rasmiy qabul qilishdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator masalalar muhokama qilindi. Avvalo, Samarqand davlat chet tillar instituti huzurida DELE imtihon markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Servantes instituti talablariga mos ravishda jihozlangan imtihon xonalarini tashkil etish va Samarqanddagi markazni mintaqaviy akkreditatsiya markaziga aylantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, (ispan tili xorijiy til sifatida) ELE yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma metodik markaz ochish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu markaz doirasida o‘qituvchilarni tayyorlash, ELE metodikasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli resurslar bilan ishlash hamda rasmiy ELE dasturlari asosida malaka oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari belgilandi.
Keyingi masala AVE Global platformasini SamDCHTI o‘quv jarayoniga integratsiya qilishga bag‘ishlandi. Talabalar va o‘qituvchilar uchun institutsional obuna joriy etish, platforma modullarini dars jarayoniga tatbiq etish hamda institutda AVE Global o‘quv-resurs markazini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bundan tashqari, Servantes institutining raqamli kutubxonalar tarmog‘i — RBIC bilan to‘liq hamkorlik masalasi ham muhokama qilindi. SamDCHTI Axborot-resurs markazini RBICning rasmiy hamkor markazi sifatida akkreditatsiya qilish va institut jamoasi uchun ispan tilidagi ilmiy manbalardan keng foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni hujjatlashtirish va tegishli ishchi guruhlar orqali texnik jarayonlarni boshlashga kelishib olishdi.



.jpg)



Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
