Ispaniya oliy ta’lim muassasalari bilan qo’shma loyihalar yo’lga qo’yiladi

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Ispaniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Ta’limni xalqarolashtirish milliy markazi — SEPIE hamda Servantes instituti bilan o‘tkazilgan uchrashuvlardan so‘ng Madrid shahrida O‘zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Farrux Tursunov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda institut rektori Bahodir Xoliqov tashrif davomida Ispaniya Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ta’limni xalqarolashtirish milliy markazi - SEPIE va Servantes instituti bilan amalga oshirilgan kelishuvlar haqida ma’lumot berdi.

Elchi Farrux Tursunov o‘z navbatida SamDCHTI tomonidan Ispaniya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni yuksak baholadi. U elchixona tomonidan ispan universitetlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi bitim va qo‘shma loyihalarni rasmiylashtirishda diplomatik ko‘mak ko‘rsatish, o‘quv adabiyotlari va ilmiy manbalarni O‘zbekistonga yetkazib berishda amaliy yordam berish, o‘zaro akademik almashinuvlarni kengaytirish, xususan, ispan oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek talabalari uchun grant dasturlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlar yaratishga tayyorligini ta’kidladi.

Shuningdek, ispan talabalari va tadqiqotchilarini O‘zbekistonga, jumladan, SamDCHTI dasturlariga jalb etish, qo‘shma tadqiqotlar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Muloqot davomida kelgusida hamkorlikni yanada tizimli, strategik va uzoq muddatli asosda rivojlantirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Elchi tomonidan SamDCHTI rektori Bahodir Xoliqov 2026-yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro iqtisodiy forumga rasmiy mehmon sifatida taklif etildi. Ta’kidlash joizki, mazkur forum ikki davlat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari va madaniy tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, qo‘shma tashabbus va loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib olishdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2025-11-24 16:43:35 2980