Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqovning talaba yoshlar, ota-onalar va ustozlarga murojaati

Qadrli talabalar, aziz ota-onalar, muhtaram ustozlar!

Globallashuv jarayoni tezlashib borayotgan, murakkab va mas’uliyatli bugungi davrda farzandlarimizning ma’naviy yetuk, intellektual salohiyatli va har tomonlama sog‘lom insonlar bo‘lib ulg‘ayishi bizning eng ulug‘ va ezgu maqsadimizdir. Inson kamoloti, avvalo, oila bag‘ridan, ota-ona mehridan boshlanadi. Shuning uchun farzandlarimizga mehr-muhabbat, e’tibor, ishonch va to‘g‘ri tarbiya berish ularni turli illatlar, har xil xavf-xatarlardan asrashning eng samarali yo‘li hisoblanadi.

Aziz talabalar!

Bugun mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar barchamizda faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. Ilm olish, xorijiy tillarini chuqur o‘rganish, zamonaviy kasb va hunarlarni egallash uchun sharoitlar kengayib borayotgan bir vaqtda, afsuski, jamiyatimizga tahdid solayotgan zararli illatlar — giyohvandlik, psixotrop moddalar va ular savdosi, internetdagi nosog‘lom axborotlar va turli aldovlarga asoslangan xatarlar ham ortib borayapti. Virtual makondagi bu tahdidlar, yoshlarning e’tiborini chalg‘ituvchi manbalar barchamizni ogoh bo‘lishga undaydi.

Shu bois, har bir talaba o‘z salomatligini qadrlashi, har bir qarorning oqibatini chuqur o‘ylab ko‘rishi, hayot yo‘lida uchrashi mumkin bo‘lgan sinov va xavflarga donolik, iroda va mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Sog‘lom turmush tarziga amal qilish, zararli odatlarga nisbatan qat’iy nuqtai nazar shakllantirish yoshlar kelajagining eng ishonchli kafolati ekanligini unutmaslik kerak.

Hurmatli ota-onalar!

Farzandlar hayotida ota-onadan yaqin maslahatchi, ulardan ishonchli do‘st yo‘q. Yosh avlodga mehr ko‘rsatish, ularning ruhiy holatini sezish, ehtiyojlarini to‘g‘ri tushunish hamda o‘z vaqtida ko‘maklashish orqali siz farzandlaringizni ko‘plab muammolardan, xato va kamchiliklardan asrashingiz mumkin. Ochiq va samimiy muloqot, ishonchli muhiti, ularning qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit yaratib berish oiladagi sog‘lom ma’naviy muhitning eng muhim unsurlaridan biri ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Aziz ustozlar!

Sizning ezgu duolaringiz, har bir tarbiyaviy maslahat va ko‘rsatmalaringiz yoshlar qalbiga nur, tafakkuriga kuch bag‘ishlaydi. Talabalarni zararli odatlardan asrash, ularda mas’uliyat, hushyorlik, vatanparvarlik va sog‘lom hayotiy qarashlarni shakllantirishda oliygoh professor-o‘qituvchilarining o‘rni beqiyosdir. Oliy ta’lim muassasasi hududida ham, undan tashqarida ham “toza muhit — sog‘lom avlod” tamoyilini mustahkamlash barchamizning umumiy vazifamizga kiradi.

Qadrli ota-onalar, muhtaram ustozlar!

Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan turli zararli axborotlar, atrofimizda uchrab turadigan nosog‘lom ta’sirlarga nisbatan befarq bo‘lmaylik. Yoshlarimizni ma’naviy va ruhiy xavflardan himoya qilish, ularni mustahkam irodali, keng dunyoqarashli va barkamol insonlar sifatida voyaga yetkazish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Shuni unutmasligimiz kerakki, ertangi kunimizning ravnaqi, jamiyatimizning barqarorligi, farzandlarimizning porloq kelajagi bugungi hamjihatlik, ogohlik, hushyorlik, birdamlik va qat’iyatimizga bog‘liq.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Share:
2025-12-03 10:50:43 140