Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, aziz hamkasblar va qadrli talabalar!
Sizlarni xalqimiz uchun nihoyatda ulug‘ va tarixiy sana — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi — bu nafaqat asosiy qonun, balki xalqimizning azaliy orzu-intilishlari, mustaqillik g‘oyalari, adolat, tenglik va insonparvarlik tamoyillarini o‘zida mujassam etgan beqiyos hujjat hisoblanadi. U davlatimizning demokratik taraqqiyot yo‘lidagi mustahkam poydevori, erkin, farovon va huquqiy jamiyat barpo etishdagi eng ishonchli kafolati sifatida biz uchun aziz va qadrlidir.
Bugun Uchinchi Renessans sari dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining barcha bosqichlarida Konstitutsiyamizda belgilangan qadriyat va tamoyillarni hayotga izchil joriy etish bosh maqsad qilib belgilangan. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aynan asosiy qonunimizda belgilangan demokratik va insonparvarlik g‘oyalariga uyg‘un holda olib borilmoqda. Xususan, oliy ta’lim tizimidagi ochiqlik, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan rivojiga katta e’tibor qaratilishi ham Konstitutsiyamiz belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlarning amaldagi ifodasi hisoblanadi.
Hurmatli institutimiz jamoasi!
Samarqand davlat chet tillar instituti bugun o‘zining yuksalib borayotgan ilmiy salohiyati, kengayib borayotgan xalqaro hamkorlik aloqalari, zamonaviy ta’lim dasturlari va yuksak natijalarga yo‘naltirilgan samarali faoliyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu yutuqlarda siz — muhtaram ustozlar, fidoyi professor-o‘qituvchilar, tashabbuskor xodimlar hamda bilimga chanqoq, izlanuvchan talabalarning o‘rningiz beqiyosdir.
Bosh Qomusimiz bizni bir maqsad — yurt ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida birlashtirib, mas’uliyat va burchimizni yanada chuqur anglashga undaydi. U bugun hayotimizga ma’no va mazmun bag‘ishlab, xalqimizning orzu va umidlarini ro‘yobga chiqishi uchun keng imkoniyatlar yaratgan.
Aziz hamkasblar, qadrli talabalar!
Ushbu qutlug‘ bayram barchangizga yangidan yangi umid, kuch-g‘ayrat, ruhiy tetiklik va ilhom ato etsin! Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligiga qo‘shayotgan hissangiz doimo barakali bo‘lsin!
B. XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
