Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, qadrli ustozlar, aziz talabalar!
Barchangizni milliy g‘ururimizning eng yorqin ramzlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun bilan tabriklayman.
10-dekabr — Vatanga muhabbat uyg‘otadigan, xalqimizning asriy orzu-intilishlarini ifoda etadigan, mustaqillik ruhi bilan sug‘orilgan ulug‘ timsol dunyoga kelgan muhim sana sifatida qalbimizdan mustahkam o‘rin egallagan.
Har kuni erta tongda radio yoki televideniyeda madhiyamiz yangrashi bilan yuragimizda uyg‘onadigan g‘urur, iftixor, mas’uliyat va sadoqat tuyg‘ulari bizni yagona maqsad — mustaqilligimizni mustahkamlashga, yurtimiz ravnaqi yo‘lida tinimsiz xizmat qilishga, buyuk kelajagimiz hisoblanmish Uchinchi Renessansni barpo etishga chorlaydi. Madhiyamizning har bir satri — xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlarning, jasorat va matonatning, o‘zlikni anglash va porloq istiqbol sari dadil intilishning badiiy aksi hisoblanadi. Undagi ezgu g‘oyalar bizga ilhom va kuch-quvvat bag‘ishlab, kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Oliygohimizda biz ham ushbu ruhni, ezgu g‘oyalarni yoshlar qalbiga singdirish, ularda Vatanga sadoqat, ilm-u ma’rifatga tashnalik, intellektual yuksalish va ma’naviy barkamollik kabi ulug‘ fazilatlarni shakllantirishni o‘zimizning sharafli burchimiz, yelkamizdagi vazifamiz deb bilamiz. Bu yo‘lda har bir professor-o‘qituvchining fidokorligi, har bir xodimning mas’uliyati, har bir talabaning aniq maqsad sari intilishi Yangi O‘zbekistonning porloq istiqboliga qo‘shilayotgan bebaho hissa, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Madhiyamizni tinglar ekanmiz, biz nafaqat o‘tmishda xalqimiz boshiga tushgan og‘ir kunlarni yodga olamiz, balki bugungi farahbaxsh, tinch va osuda hayotimizning qadriga yetamiz, kelajak oldidagi burchimizni, zimmamizdagi yuksak mas’uliyatni chuqur anglaymiz. Madhiyamizning sharafini asrash — har birimizdan chuqur bilim olish, tinimsiz izlanish, yuksak maqsadlarga sodiq qolish, xalq farovonligi va davlat ravnaqi yo‘lida fidoiylik bilan xizmat qilishni talab etadi.
Institutimizning qadrli mehnat jamoasi, aziz talabalar!
Sizlarni ushbu qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman! Yurtimizni yanada obod, xalqimizni farovon qilish yo‘lidagi ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar, ijodingizda ilhom, faoliyatingizda baraka va g‘ayrat tilayman. Oliygohimiz nufuzi ortib, ilm-fan sohasi rivoji uchun qo‘shayotgan hissamiz yanada zalvorli va salmoqli bo‘lsin!
Madhiyamiz ohangi sizga doimo ruhiy ko‘tarinkilik, vatanparvarlik, zafar va g‘oliblik ruhini ato etsin! Oilangizga tinchlik, totuvlik va mehnatingizga baraka tilayman.
Ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
