Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqovning institut professor-o'qituvchilari va talabalariga Yangi yil tabrigi

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar! Barchangizni kirib kelayotgan Yangi — 2026-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Yakunlanib borayotgan yil Samarqand davlat chet tillar instituti hayotida mazmunli, sermahsul va tarixiy ahamiyatga ega davr sifatida muhrlandi. Ushbu yil nafaqat qo‘lga kiritilgan yutuqlar, balki kelajak taraqqiyoti uchun yaratilgan mustahkam poydevor bilan ham yodda qolarli bo‘ldi. Yangi yil ostonasida ortga nazar tashlar ekanmiz, jamoamizning bir yoqadan bosh chiqarib amalga oshirgan fidokorona mehnati, professor-o‘qituvchilarning ilm-fan va ta’lim sohasidagi izchil izlanishlari, xalqaro miqyosdagi e’tiroflar hamda yoshlarimizning salmoqli yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Qadrli institut mehnat jamoasi!

2025-yil oliygohimiz tarixida xalqaro miqyosdagi muhim voqealar va ulkan yutuqlar bilan alohida o‘rin egalladi. Jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti Yevropa Ta’lim Sifati Agentligi (EQAA) tomonidan to‘liq institutsional akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Baholash natijalariga ko‘ra, institutimizning ta’lim va boshqaruv tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos deb topildi. Mazkur akkreditatsiyaning muhim jihati shundaki, u institut bitiruvchilariga beriladigan diplomlarning Yevropa va xalqaro miqyosda tan olinishi uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, xalqaro grant va dasturlarda ishtirok etish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, dunyoning TOP–1000 talik oliy ta’lim muassasalari safidan joy olish imkoniyatlari yanada kengaydi.

Bundan tashqari, nufuzli xalqaro RUR reytingida institutimiz 2317 ta oliy ta’lim muassasasi orasida 911-o‘rinni, shuningdek, “Dunyo oliy ta’lim muassasalarining global barqarorlik reytingi” (UI GreenMetrics World University Rankings – 2025) doirasida 105 ta mamlakatning 1745 ta universiteti orasida 523-o‘rinni egalladi. Quvonarli jihati shundaki, Samarqand davlat chet tillar instituti har ikki reytingda ishtirok etgan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida 11-o‘rinni egallab, mamlakatimizdagi eng yaxshi 15 ta oliy o‘quv yurti safidan munosib o‘rin oldi.

Globallashuv davrida rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalari tajribasiga suyanish, dunyoning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bu hamkorlik ta’lim sifati va samaradorligiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bois institutimizning xalqaro hamkorlik aloqalari izchil kengayib bormoqda. Birgina 2025-yil davomida 21 ta yangi xalqaro hujjat imzolandi. Bugungi kunda institutimizda 124 ta amaldagi hamkorlik shartnomasi mavjud bo‘lib, xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va boshqa tashkilotlar bilan faol va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur hamkorliklar samarasi o‘laroq, 43 nafar talabamiz Yaponiya, Germaniya, Italiya, Fransiya va Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib qaytishdi. Shuningdek, institutimizning 108 nafar professor-o‘qituvchisi va tadqiqotchisi dunyoning TOP–1000 taligiga kirgan oliy ta’lim muassasalarida xalqaro malaka oshirish va stajirovkalarda ishtirok etdi. Ayni paytda institutimizda 42 nafar xorijlik talaba bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olmoqda. O‘quv jarayoniga 50 nafar xorijlik malakali professor-o‘qituvchi jalb etilgan bo‘lib, ularning 12 nafari asosiy shtatda, 2 nafari o‘rindoshlik asosida, 36 nafari esa qisqa muddatli kurslar doirasida faoliyat olib bordi.

Hurmatli professor-o‘qituvchilar!

Har qanday oliy ta’lim muassasasining nufuzi va raqobatbardoshligi, avvalo, uning professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatiga bevosita bog‘liq. Aynan shu jihatga alohida e’tibor qaratilgani bois institutimiz ilmiy salohiyati yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Bugungi kunda talaba va magistrlarimizga 516 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Ularning 32 nafari fan doktori (DSc), 160 nafari fan nomzodi (PhD) hisoblanadi. Oliy¬gohning umumiy ilmiy salohiyati 37,2 foizni tashkil etmoqda.

Yakunlanayotgan yilda professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 36 nomdagi darslik, 63 nomdagi o‘quv qo‘llanma hamda 40 nomdagi o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratildi. Innovatsion faoliyat yo‘nalishida 2 ta patent, shuningdek, dasturiy mahsulotlar uchun 40 ta guvohnoma olindi. Bugungi kunda institutda 117 nafar doktorant, 415 nafar mustaqil izlanuvchi va 3 nafar stajyor-tadqiqotchi tahsil olib, kelgusida oliygohimiz ilmiy salohiyatini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildiramiz.

Yil davomida 8 ta xalqaro va 2 ta respublika miqyosidagi ilmiy anjuman o‘tkazildi. Scopus bazasidagi maqolalar soni 14 taga, OAK ro‘yxatidagi maqolalar esa 923 taga yetdi. Institut tasarrufida 5 ta ilmiy jurnal faoliyat yuritib, ularning 3 tasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.

Hurmatli talabalar!

Siz, aziz yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar biz uchun ulkan faxrdir. Yildan-yilga ortib borayotgan muvaffaqiyatlaringiz zamirida tinimsiz izlanish, puxta bilim va fidoyilik mujassam. Bugungi kunda institutimizda “Yosh tilshunos olimlar” jamiyati hamda Yoshlar akademiyasi liderlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga 2 ming nafarga yaqin talaba jalb etilgan. Yaqinda tashkil etilgan respublika talabalar ilmiy-amaliy anjumanida 500 ta ilmiy maqola taqdim etildi. Bir nafar talaba xorijiy oliy ta’lim muassasasiga yuborildi.

Shuningdek, 5 nafar talaba Prezident grantiga, 2 nafari Prezident stipendiyasiga, 12 nafari nomdor davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi. Xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari 17 nafar, nufuzli tanlov va musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallagan talabalar esa 30 nafarni tashkil etdi. To‘qqizta til bo‘yicha o‘tkazilgan respublika xorijiy tillar fan olimpiadasida institutimiz talabalari 4 ta ikkinchi, 4 ta uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Innovatsion faoliyat doirasida 2 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Jumladan, “LingvoKino” loyihasi 48 million 800 ming so‘m, “LingvoSharq” loyihasi esa 50 million so‘m miqdorida qo‘llab-quvvatlandi.

Institutimiz yoshlari yil davomida jahon va respublika miqyosidagi sport musobaqalarida ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi. Jumladan, D. Baxtiyorov sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha Osiyo chempioni, Ch. Balikova imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida shashka bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida ikki yo‘nalishda jahon chempioni, bir yo‘nalishda ikkinchi o‘rin sohibasi bo‘ldi. S. Saidmurodov esa shashka bo‘yicha jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Yosh ma’naviyatchi”, “Yurtim qadriyatlari”, “Kitobxon talaba”, “Universiada–2025” kabi nufuzli loyihalarda ham talabalarimiz qator yutuqlarga erishdi.

Ta’lim sifati va samaradorligi, shubhasiz, moddiy-texnik baza bilan chambarchas bog‘liq. Yakuniga yetayotgan yilda institutimiz moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlandi. Jumladan, 400 o‘rinli talabalar turar joyi, 40 o‘rinli hostel, Media markaz, 273 ta kompyuter va 30 ta interaktiv panel foydalanishga topshirildi.

Qadrli hamkasblar!

2026-yilda institutimiz mehnat jamoasi oldiga qator ustuvor vazifalarni qo‘yilgan. Masofaviy ta’limni rivojlantirish, “Blended learning” va “Flipped classroom” texnologiyalarini joriy etish, sun’iy intellekt asosida baholash tizimini yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, ilmiy salohiyatni 45 foizga, Scopus va Web of Science bazalaridagi maqolalar sonini 100 tadan oshirish, xorijiy talabalar sonini 600 nafarga, xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushini 25 foizga, doimiy ilmiy kengashlar sonini 3 taga yetkazish belgilangan. Ta’lim xizmatlari eksportini 150 ming AQSh dollariga chiqarish, xalqaro reytinglarda institutimiz nufuzini yanada mustahkamlash hamda moddiy-texnik bazani kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Muhtaram ustozlar, hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar!

Yangi yildagi ezgu rejalarni amalga oshirish barchamizdan yanada jipslik, fidoyilik va yuksak mas’uliyat talab etadi. Ishonchim komilki, Sizlarning bilim va salohiyatingiz, fidokorona mehnatingiz bilan oldimizga qo‘yilgan barcha marralarni muvaffaqiyat bilan zabt etamiz.

Kirib kelayotgan Yangi yil bilan Sizlarni yana bir bor chin dildan muborakbod etaman. Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, xonadonlaringizga qut-baraka, ilmiy va ijodiy faoliyatingizga ulkan yutuq va zafarlar tilayman.

Hurmat bilan,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Bahodir XOLIQOV

Share:
2025-12-30 17:44:44 817