Rektor Roman-german tillari fakulteti talabalarining ijara xonadonlariga tashrif buyurdi

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B. Xoliqov boshchiligida bir guruh mas’ullar Roman-german tillari fakulteti talabalarining Samarqand shahrida ijarada istiqomat qilayotgan xonadonlariga tashrif buyurishdi.

Rektor talabalar bilan suhbatlashib, ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xonadonlarda ularning munosib yashashlari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari hamda dars mashg‘ulotlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Tashrif davomida rektor tomonidan talabalarga yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, is gazidan zaharlanishning oldini olish, shuningdek, turar joylarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha zarur eslatma va tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng talabalar ko‘p istiqomat qilayotgan “Ko‘ksaroy” mahallasiga tashrif buyurildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi P. Berdiqulov hamrohligida ijara xonadonlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, rektor “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar, mahallada yaratilgan ijtimoiy-ma’naviy muhit va xavfsizlik choralarini ham o‘rgandi.

B.Xoliqov talabalar istiqomat qilayotgan ijara xonadonlariga tez-tez tashrif buyurish, ularning holidan muntazam ravishda xabardor bo‘lib turish, mavjud muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2026-03-19 13:35:21 10