Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish bo’yicha uchrashuv bo’lib o’tdi

Samarqand davlat chet tillari institutida Sharq tillari fakulteti bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish hamda yoshlarning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.

Institut rektori Bahodir Xoliqov ochib bergan mazkur tadbirda bank-moliya sohasi vakillari ham ishtirok etib, bitiruvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozli kreditlar, shuningdek, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga xizmat qilayotgan dasturlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Jumladan, “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sherzod Mirzahmedov, “O‘zsanoatqurilishbank” Samarqand viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi Orzumurod Amanov, “Turonbank” ATB Samarqand bank xizmatlari markazi rahbari Muzaffar Jovbo‘riyev hamda “Turonbank” ATB Respublika matbuot kotibi Shohrux Qo‘shqarovlar o‘z chiqishlarida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun bank tizimida yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritishdi.

Yoshlar uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlarning foiz stavkasi 14 foiz etib belgilanganligi hamda yo‘naltiriladigan kredit mablag‘lari hajmini 300 million AQSh dollarigacha yetkazish rejalashtirilgani alohida ta’kidlandi.

Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida institut mas’ullari tomonidan kelgusida bitiruvchilarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ularni imtiyozli kreditlardan foydalanish uchun yo‘naltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2026-03-19 13:48:37 5