SamDCHTIda Grinvich Universiteti, Buyuk Britaniya (University of Greenwich) dasturlari yo‘lga qo‘yiladi

2026-yil 18-mart kuni Samarqand davlat chet tillar instituti, Buyuk Britaniyaning Grinvich Universiteti hamda Global ta’lim menejmenti xizmatlari (Global Education Management Service) tashkiloti o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat doirasida SamDCHTI bazasida Grinvich Universitetining bakalavriat xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshirish, jumladan, International Foundation Programme (Xalqaro tayyorlov dasturi) hamda Grinvich Universitetining ta'lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan hamkorlikni rivojlantirishga tomonlar kelishib olishdi.

Mazkur hamkorlik talabalar uchun O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida tahsil olish hamda Grinvich Universitetining diplomini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini yaratishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu esa institutda xalqaro ta’lim muhitini yanada kuchaytirish, zamonaviy akademik infratuzilmani rivojlantirish va qo‘shma ta’lim dasturlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Shuningdek, memorandum tomonlar o‘rtasida qo‘shma akademik tashabbuslar, tashkiliy mexanizmlar va keyingi huquqiy-akademik kelishuvlarni ishlab chiqish uchun muhim asos yaratadi.

Mazkur memorandum aprel oyida Grinvich Universiteti prezidentining Samarqand davlat chet tillar institutiga rejalashtirilgan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichi hisoblanadi.

Ushbu kelishuv Samarqand davlat chet tillar institutining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan amaliy aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro qo‘shma dasturlarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarini yanada izchil davom ettirishga xizmat qiladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati

 

Share:
2026-03-19 14:03:08 20