Assalomu alaykum, aziz va qadrli ustozlar! Hurmatli professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar! Shijoatli va intiluvchan talaba yoshlar!
Sizlarni, ilm-fan va ziyo maskanimizning butun jamoasini go‘zallik, nafosat va yangilanish ayyomi bo‘lmish – Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Ushbu qutlug‘ kunlarda tabiat uyg‘onib, borliq bor go‘zalligi va tarovatini namoyon etganidek, qalblarimiz ham ezgu niyatlar va yangi maqsadlar bilan to‘lmoqda. Bugun barchamiz shu muqaddas tuproqda ajdodlar shoni-sharafini tiklab Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida dadil qadamlar tashlayotgan ekanmiz, bu jarayonda ilm ahlining, xususan, o‘ndan ziyod xorijiy tillarni o‘rganayotgan institutimiz yoshlarining o‘z o‘rni borligi qalblarimizni iftixorga to‘ldiradi.
Ziyo maskanimiz fidoyilari bo‘lgan qadrli ustozlar!
Biz bugun yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yayotgan ekanmiz, ushbu ulug‘vor maqsadning asosiy kuchi – Siz, aziz o‘qituvchi va murabbiylarsiz. Sizlarning xorijiy tillar va zamonaviy fanlarni yosh avlodga o‘rgatishdagi mashaqqatli mehnatingiz, dunyo minbarlarida o‘z so‘zini ayta oladigan kadrlar tayyorlashdagi fidoyiligingiz har qanday e’tirof va tahsinga loyiqdir. Sizlar nafaqat bilim beruvchi, balki yoshlarni haqiqatgo‘y, mehnatsevar, vatanparvarlik va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalayotgan ma’naviyat posbonlarisiz.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan aziz talabalar!
Sizlar Yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkorlarisiz. Bugun ota-onangiz, ustozlaringiz, xalqingiz Sizga yuksak ishonch bildirmoqda. Navro‘zning tarovati kabi qalbi pok, g‘ayrati jo‘shqin yoshlarning xalqaro maydonlarda sport va ilm-fan sohalarida erishayotgan yutuqlari bizning eng katta boyligimizdir. Unutmangki, har bir o‘rganilgan til – jahon sivilizatsiyasi yuksalishi sari ochilgan yangi eshik, har bir yutug‘ingiz esa millat ravnaqi uchun qo‘shilgan munosib hissadir.
Hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar!
Olam go‘zallikka to‘layotgan shu kunlarda Yaratgandan yurtimizga tinchlik, barchangizga sihat-salomatlik va xotirjamlik o‘qish va ishlaringizga rivoj tilayman.
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori
English
Русский
Francais
Deutsch
Spain
