SamDCHTI rektori Bahodir Xoliqovning Ramazon hayiti munosabati bilan institut mehnat jamoasi va talabalariga tabrigi

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, hurmatli hamkasblar va qadrli talabalar!

Barchangizni Islom olamining muqaddas bayrami – muborak Ramazon hayiti bilan tabriklayman.

Ramazon oyi davomida qalblarimiz poklanib, jamiyatda mehr-oqibat, sabr-toqat, saxovat va bag‘rikenglik kabi insoniy fazilatlar yanada mustahkamlandi. Ushbu muqaddas kunlar har birimizni ezgu ishlar qilishga, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida yanada fidoyilik bilan xizmat qilishga undadi.

Bugun yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hamjihatlik muhiti hukmron. Mamlakatimiz rahbari rahnamoligi ostida boshqa sohalar kabi ta’lim va ilm-fan ham rivojlanib bormoqda. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek muqaddas ishga kirishildi. Pedagog-o‘qituvchilar va yoshlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni faxr bilan e’tirof etmoq joiz. Institutimiz jamoasi ham ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, yosh avlodni har tomonlama yetuk, bilimli va zamonaviy dunyoqarashga ega mutaxassislar etib tarbiyalash yo‘lida mehnat qilmoqda.

Ishonchim komilki, siz aziz professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalar o‘z  mehnatingiz, intilishingiz va bilimingiz bilan institutimiz nufuzini yanada yuksaltirishda, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etasiz.

Azizlar!
Shu quvonchli ayyomda Tangridan barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka, baxt-saodat tilayman. Qilgan ezgu niyatlaringiz va duolaringiz ijobat bo‘lsin! Ramazon hayiti qalblaringizga quvonch, xonadonlaringizga fayz va baraka olib kelsin!

Yana bir bor barchangizni muborak Ramazon hayiti bilan tabriklayman!

Hurmat bilan,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori 
Bahodir XOLIQOV

Share:
2026-03-19 18:05:43 755